Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (1879-son)
09.12.2008
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT ARXITEKTURA VA QURILISh QOʻMITASINING
QARORI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 9-dekabrda 1879-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 29-apreldagi PQ-847-sonli “Loyiha-tadqiqot tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 18-son, 147-modda)ning ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining 2003-yil 15-dekabrdagi 9-sonli “Obyektlar qurilishi uchun loyiha-qidiruv ishlari qiymatini shartnomaviy joriy narxlarda belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 1296, 2004-yil 8-yanvar — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 1-2-sonlar, 22-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin oʻn kun oʻtgach kuchga kiritilsin.
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi N. XANOV
Toshkent sh.,
2008-yil 10-noyabr,
22-son
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining 2008-yil 10-noyabrdagi 22-son qarori bilan TASDIQLANGAN
Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 29-apreldagi PQ-847-sonli “Loyiha-tadqiqot tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 18-son, 147-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 6-maydagi PF-3240-sonli “Kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi Farmoni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 5-son, 68-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 11-iyundagi 261-sonli “Markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalar hisobiga roʻyobga chiqarilayotgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda shartnomaviy joriy narxlarga oʻtish toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 11-son, 88-modda) muvofiq yangi obyektlarni qurish, bino va inshootlarni kengaytirish, rekonstruksiya qilish, texnik jihatdan qayta jihozlash, modernizatsiyalash hamda taʼmirlash boʻyicha loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom markazlashtirilgan manbalar, davlat boshqaruv organlari va davlat korxonalari mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlar uchun loyiha-tadqiqot tashkilotlari, investorlar, buyurtmachilar, boshqa manfaatdor shaxslar tomonidan qoʻllanilishi nazarda tutilgan boʻlib, boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladigan qurilish obyektlari uchun tavsiyaviy tusga ega.
2. Mazkur Nizom loyiha-tadqiqot hujjatlarini (loyiha, ishchi loyiha va ishchi hujjatlar) ishlab chiqishda, shuningdek ishchi loyihalashdan oldingi dastlabki texnik-iqtisodiy asoslanma (keyingi oʻrinlarda DTIA deb yuritiladi), dastlabki texnik-iqtisodiy hisoblash (keyingi oʻrinlarda DTIH deb yuritiladi), texnik-iqtisodiy asoslanma (keyingi oʻrinlarda TIA deb yuritiladi) hamda texnik-iqtisodiy hisoblash (keyingi oʻrinlarda TIH deb yuritiladi) bosqichlarida loyiha-tadqiqot ishlarining asoslanma materiallari qiymatini aniqlashga moʻljallangan.
3. Mazkur Nizomga muvofiq loyiha ishlarining joriy narxlarda belgilangan qiymati quyidagilar uchun qoʻllaniladi:
loyiha ishlarining ijrochisini belgilashda (tanlov savdolarini oʻtkazishda boshlangʻich qiymat sifatida);
loyiha ishlarining buyurtmachisi va ijrochisi oʻrtasidagi muzokaralar vaqtida dastlabki taxminiy narxning oʻrnida;
investitsiyalar hajmini rejalashtirishda (shu jumladan biznes-rejalarni va maqsadli roʻyxatlarni tuzish vaqtida).
4. Loyiha-tadqiqot hujjatlarini ishlab chiqqan tashkilot loyiha-tadqiqot hujjatlarini ekspertiza organlarida hamda ishchi va davlat qabul komissiyalarida yoqlashda (QMQ 1.03.07-96 ga muvofiq loyiha-qidiruv tashkiloti tomonidan qurilish ustidan mualliflik nazoratini oʻtkazish hollarida) ishtirok etadi.
II. Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi
5. Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlashda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan Loyihalash va qurilish obyektlarining murakkablik darajasining yagona tasnifiga muvofiq loyihalashtirilayotgan obyektning funksional-sohaviy xususiyatlariga koʻra murakkablik darajasi;
mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq loyihalashni murakkablashtiruvchi omillar;
mazkur Nizomning 3-ilovasida keltirilgan qurilishning umumiy qiymatida uskuna qiymatining solishtirma tarkibiga bogʻliq holda qurilishning hisob bahosini aniqlash uchun pasaytiruvchi koeffitsiyentlar mavjudligi;
loyihani manfaatdor idoralar bilan kelishish.
6. Mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatib oʻtilgan parametrlar loyihalashtirish topshirigʻida nazarda tutilgan boʻlishi shart.
7. Loyiha qiymati qurilish obyekti narxi va murakkablik toifasiga koʻra hisoblanadi.
Loyiha-tadqiqot hujjatlarini ishlab chiqishda joriy narxlardagi qurilish qiymati tarkibiga quyidagilar kiritilishi lozim:
montaj talab etuvchi jihozlarga boʻlgan xarajatlar;
qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalariga boʻlgan xarajatlar;
ijtimoiy sugʻurtalash hisobini inobatga olgan holda asosiy mehnat haqiga ketadigan xarajatlar;
mashina va mexanizmlardan foydalanish xarajatlari;
ishlab-chiqarish xususiyatiga ega boshqa xarajatlar;
pudratchining boshqa sarf-xarajatlari;
obyektlar qurilishini sugʻurtalash xarajatlari;
buyurtmachining boshqa sarf-xarajatlari;
navbatdagi yilda qurilish narxlarining prognozlangan indeksidan kelib chiqib aniqlanadigan xatarni qoplashga boʻlgan xarajatlar.
8. Ishchi loyihani ishlab chiqish qiymati quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
Sp = Sb x L, bunda:
Sp — ishchi loyihaning joriy narxlardagi qiymati;
Sb — obyekt qurilishining joriy narxlardagi qiymati;
L — ishchi loyihani ishlab chiqish qiymatining hisoblash mezoni (mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq).
9. Turli bosqich va davrlarda loyihalashdan oldingi — asoslanma va ishchi hujjatlarni ishlab chiqishning miqdoriy-qiymati mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq aniqlanadi.
10. Ikkita yoki undan ortiq murakkablashtiruvchi omil mavjud boʻlsa, koeffitsiyent ularning har biriga alohida qoʻllaniladi. Bunda umumiy muvofiqlash koeffitsiyenti quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
Kc.=1 + ∑ N, bunda:
Kc. — umumiy muvofiqlash koeffitsiyenti;
∑ N — bir turga qoʻllaniladigan muvofiqlash koeffitsiyentlarining kasr qismlari (verguldan keyingi) yigʻindisi.
11. Majmualardan tashqaridagi ayrim obyektlarni loyihalashda foydalanishga tayyor boʻlgan koʻp marotaba qoʻllaniladigan loyihalardan foydalanilganda (loyihalash topshirigʻiga muvofiq), ishlar qiymati quyidagi koeffitsiyentlarni qoʻllagan holda umumiy qoida boʻyicha aniqlanadi:
poydevor yechimlarni qayta hisoblamasdan — 0,4;
poydevor yechimlarini qayta hisoblaganda — 0,6;
poydevor va yer ustki qismi yechimlarini qayta hisoblaganda — 0,7.
12. Tugallangan qurilishning loyiha va haqiqiy oʻlchamlari qiymatiga loyiha-tadqiqot ishlarining qiymati qayta hisoblab chiqilmaydi.
13. Loyiha-tadqiqot ishlarining toʻliq qiymati quyidagi formulaga koʻra aniqlanadi:
Bir bosqichli loyihalashda (“Ishchi loyiha”):
Sf = Sw + Se, bunda:
Sf — loyihalash mahsulotining joriy narxlardagi toʻliq shartnomaviy qiymati;
Sw — ishchi loyihaning joriy narxlardagi qiymati.
Se — ishchi loyiha tarkibidagi hisobga olinmagan ishlarning qiymati.
“Ishchi loyiha” bosqichi loyiha qiymatini hisoblashda asos qilib olinadi.
Ikki bosqichli loyihalashda:
Sf = Sbs + Swp+ Se, bunda:
Sf — loyihalash mahsulotining joriy narxlardagi toʻliq shartnomaviy qiymati;
Sbs — asoslanma qismining joriy narxlardagi qiymati;
Swp — ishchi hujjatlarining joriy narxlardagi qiymati;
Se — ishchi loyiha tarkibidagi hisobga olinmagan ishlarning qiymati.
14. Loyihalashtirish topshirigʻi bilan shartlanadigan loyihadan oldingi asoslanma hujjatlar — TIH, TIA va boshqa bosqich hamda davrlarni ishlab chiqishdagi qiymat quyidagicha hisoblanadi:
Sf = Sbs + Se, bunda:
Sf — loyihalash mahsulotining joriy narxlardagi toʻliq shartnomaviy qiymati;
Sbs — asoslanma qismining joriy narxlardagi qiymati;
Se — ishchi loyiha tarkibidagi hisobga olinmagan ishlarning qiymati.
15. Loyiha-tadqiqot ishlarining boshlangʻich qiymatini belgilash maqsadida mazkur Nizomning 6-ilovasida qurilishning taxminiy qiymatini aniqlashga doir qisqacha tavsiyalar keltirilgan.
16. Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash misoli mazkur Nizomning 7-ilovasida keltirilgan.
17. Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini hisoblashda koʻzda tutilmagan ishlar qiymatini aniqlash mazkur Nizomning 8-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
III. Yakuniy qoidalar
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Iqtisodiyot vaziri B. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 7-noyabr
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 7-noyabr
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULAShOV
Toshkent sh.,
2008-yil 7-noyabr
Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Loyihalash va qurilish obyektlarining murakkablik darajasining yagona tasnifi
Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Murakkab sharoitlar uchun loyiha hujjatlarini ishlab chiqish qiymatining koeffitsiyentlari
Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Qurilishning umumiy qiymatida uskuna qiymatining solishtirma tarkibiga bogʻliq holda qurilishning hisob bahosini aniqlash uchun pasaytiruvchi koeffitsiyentlar
Izoh: oraliq qiymatlar interpolatsiya yoʻli bilan aniqlanadi.
Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Ishchi loyihani ishlab chiqish qiymatining hisoblash mezonini aniqlash
Izohlar:
1. Qurilish qiymatini aniqlash maqsadida obyektlarni loyihalash va qurishning chegaralari quyidagicha belgilanadi:
komplekslar uchun (ikki va undan ortiq bino va inshootlardan iborat obyektlar uchun) — ajratilgan yer maydoni chegarasida;
alohida bino va inshootlar uchun — bino va inshootning chegarasini belgilovchi konstruksiyalarning, shu jumladan, binolarning koʻprikli, muhandislik jihozlar tizimlarini chiqarish va kiritish joylaridagi tashqi konturlari ichida.
2. Hisoblash mezonining oraliq miqdorlari vertikal qatordagi bir-biriga eng yaqin boʻlgan ikkita koʻrsatkichga tuzatish kiritish bilan aniqlanadi.
3. Ishchi loyihani ishlab chiqish qiymatini hisoblashda quyidagi ishlar hisobga olinmagan:
konstruksiyalar va ishlarni bajarishning oʻta murakkab usullari qoʻllaniladigan obyektlarni loyihalash vaqtida maxsus yordamchi inshootlar, moslamalar, qurilma va uskunalarning ishchi chizmalarini ishlab chiqish (bu ishlar loyihalashtirish topshirigʻida aks ettirilgan boʻlishi zarur);
zavodda ishlab chiqariladigan metall konstruksiyalar va texnologik quvur oʻtkazgichlarning mufassal chizmalarini, andozasiz va nostandart jihozlarni konstruktorlik hujjatlarini ishlab chiqish (shu jihozlarni konstruksiyalashga boʻlgan loyihalash topshiriqlari bundan mustasno);
qurilish ustidan mualliflik nazoratini amalga oshirish;
buyurtmachi topshirigʻiga binoan qoʻshimcha ishlarni bajarish;
texnik koʻrik va oʻlchov ishlarini bajarish.
Mazkur Ilovada keltirilgan obyektlar qurilishining joriy narxlardagi qiymatida qoʻshilgan qiymat soligʻi eʼtiborga olinmagan.
Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Turli bosqich va davrlarda loyihalashdan oldingi — asoslanma va ishchi hujjatlarni ishlab chiqishning miqdoriy-qiymati
Izoh:
1. Binoni loyihalashga boʻlgan topshiriqda koʻrsatib oʻtilgan boshqacha, muqobil bosqichlar va aralash bosqichlar uchun jadvaldagi maʼlumotlardan qoʻllanilishiga koʻra foydalaniladi.
2. Koʻp bosqichli loyihalashda, bosqichlar toʻplamidan qatʼi nazar, barcha bosqichlarning yigʻindi qiymati — 1,0 ga teng boʻladi.
Masalan:
1. Ikki bosqichli — chizmali loyiha — ishchi hujjatlar — ishchi loyihalashda 6 yoki 5-band koʻrsatkichlari qoʻllaniladi.
2. Chizmali loyiha (yoki chizma) — bosqichida mustaqil davr sifatida asoslanma hujjatlarini ishlab chiqishda 1—4-bandlar koʻrsatkichlari qoʻllaniladi.
Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
Qurilishning taxminiy qiymatini aniqlashga doir qisqacha tavsiyalar
Loyiha qidiruv ishlarini belgilash maqsadida qurilishning qiymatini aniqlashda quyidagilar qoʻllaniladi:
1-variant. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi huzuridagi kapital qurilishda iqtisodiy islohotlar va narxlarni shakllantirish markazi tomonidan chiqariladigan qurilajak quvvatlar birligini qurish qiymatlaridagi solishtirma normativlar toʻplamlari.
2-variant. Loyihalash tashkilotlari ixtiyorida boʻlgan analog obyektlar.
3-variant. Qurilishning yirik hisobda olingan smeta koʻrsatkichlari.
4-variant. Hujjatlar ishlab chiqishning dastlabki bosqichlarida aniqlab olingan iqtisodiy koʻrsatkichlar.
Koʻrsatilgan materiallarda koʻrsatilgan qiymatlar joriy vaqtga nisbatan kelishtirilgan holda qoʻllaniladi. Bunda indeksni hisoblab chiqish uchun asosiy tuzilmaviy xarajatlarning tuzilishi quyidagi ulushli miqdorda (foizlarda) olinadi (jihozlanishsiz):
mehnat haqi — 0,2 (20);
materiallar — 0,6 (60);
mashinalardan foydalanish — 0,2 (20);
Oʻzgarish indeksi quyidagicha olinadi:
mehnat haqi toʻlovi xarajatlariga — joriy hisoblash davrdagi eng kam ish haqining normativlar va analoglarini ishlab chiqish davridagi eng kam ish haqiga boʻlgan mutanosiblikda;
materiallarni xarid qilish xarajatlariga — material-buyumlarning (beton, gʻisht, metall, yogʻoch konstruksiyalar va boshqalar) joriy hisoblash davrdagi narxlarining normativlar, analoglarni ishlab chiqish davridagi shu materiallar narxlariga boʻlgan mutanosiblikda;
mashinalardan foydalanishga — joriy hisoblash davrdagi yoqilgʻi materiallar narxlarining normativlar, analoglarni ishlab chiqish davridagi narxlariga boʻlgan mutanosiblikda.
Jihozlar va asbob-uskunalarning qiymati buyurtmachi, narx-navo varaqlari, kataloglar, birja xabarnomalari yoki haqqoniy axborotning boshqa manbalaridan olingan maʼlumotlarga koʻra aniqlanadi.
Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 7-ILOVA
Loyiha ishlari qiymatini aniqlash misoli
Loyihalash obyekti: tozalash inshootlariga ega boʻlgan garaj.
Bosqich — “Ishchi loyiha”.
Maydonchaning hisob boʻyicha zilzilaga chidamliligi — 9 ball.
1. Loyihalash obyekti va qurilish murakkabligi darajasining yagona tasnifiga koʻra obyektning murakkablik darajasi — III.
2. Mazkur Nizomning 6-ilovasiga muvofiq qurilishning taxminiy qiymati 220,0 mln. soʻmni tashkil qiladi.
3. Mazkur Nizomning 4-ilovasiga koʻra vertikal qatordagi bir-biriga eng yaqin boʻlgan ikkita koʻrsatkichga tuzatish kiritish usuli bilan loyiha ishlari qiymatining hisoblash mezoni aniqlanadi.
Bunda:
100,0 mln.soʻmlik tafovut 4,7 % darajasiga mos keladi;
250,0 mln. soʻmlik tafovut 4,3 % darajasiga mos keladi.
Tuzatish kiritish usuli bilan topilgan 220,0 mln. soʻm miqdoridagi hisoblash mezoni 4,35 % darajasiga mos keladi.
4. Asosiy loyiha ishlari qiymati — 220,0 mln. soʻm x 4,35 % x 1,2 = 11,48 mln. soʻm.
5. Loyihalash topshirigʻiga koʻra ishga tushirish kompleksini alohida hisoblash talab etiladi.
Mazkur Nizomning 8-ilovasi 5-bandiga muvofiq tegishli hujjatlarni ishlab chiqishga hisoblash mezonini gorizontal qatordagi bir-biriga eng yaqin boʻlgan ikkita koʻrsatkichga tuzatish kiritish yoʻli bilan aniqlanadi.
Bunda:
200,0 mln. soʻmlik tafovut 0,7 % darajasiga mos keladi;
1500,0 mln. soʻmlik tafovut 0,56 % darajasiga mos keladi.
Tuzatish kiritish usuli bilan topilgan 220,0 mln. soʻm miqdoridagi hisoblash mezoni 0,697 % darajasiga mos keladi.
6. Ishga tushirish kompleksini alohida hisoblash ishlari qiymatini hisoblab chiqamiz:
220,0 mln. soʻm x 0,698% = 1,54 mln. soʻm
7. Ishchi loyiha ishlab chiqilishining toʻliq qiymatini hisoblaymiz:
11,48 + 1,54 = 13,02 mln. soʻm, bunda:
11,48 mln. soʻm — asosiy loyiha ishlari qiymati;
1,54 mln. soʻm — ishga tushirish kompleksini alohida hisoblash qiymati.
Loyiha-tadqiqot ishlarining qiymatini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 8-ILOVA
Koʻzda tutilmagan ishlar qiymatini aniqlash mezonlari
Izohlar:
1. Mehnat xarajatlari boʻyicha hisob-kitob quyidagi formula boʻyicha hisoblanishi kerak:
Sp = CiXNc, bunda:
Sp — joriy narxlardagi qiymat;
Ci — berilgan ishni bajarish uchun ijrochilarga (ishlab chiqarish xodimlariga) toʻlashga rejalashtirilgan mehnat haqi fondi;
Nc — qiymat normativi, loyihalash tashkilotida hisoblangan yillik hajmning rejaga koʻra ijrochilarga (ishlab chiqarish xodimlari) toʻlanadigan ish haqiga boʻlgan mutanosiblikda aniqlanadi. Avvalgi yil uchun yillik balans hisobotining moliyaviy natijalari koʻrsatkichlariga muvofiq belgilash tavsiya etiladi.
2. Hisoblash mezonining oraliq miqdorlari gorizontal qatordagi bir-biriga eng yaqin boʻlgan ikkita koʻrsatkichga tuzatish kiritish orqali aniqlanadi.
