Navoiy viloyatida erkin industrial-iqtisodiy zona tashkil etish toʻgʻrisida (PF-4059-son)
02.12.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Jahon standartlariga javob beradigan va jahon bozorlarida talab qilinadigan mahsulot ishlab chiqarishni taʼminlaydigan, zamonaviy yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish uchun xorijiy investitsiyalarni, birinchi galda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etish boʻyicha qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, Navoiy viloyatining sanoat salohiyatini, ishlab chiqarish, transport-tranzit va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Navoiy viloyati hokimligining Navoiy shahri xalqaro aeroporti hududida “Navoiy” erkin iqtisodiy zona” (keyingi oʻrinlarda — EIZ) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
“Navoiy” erkin iqtisodiy zona hududida xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining asosiy yoʻnalishi — zamonaviy xorijiy yuqori unumli asbob-uskunalar va texnika, texnologik liniyalar va modullar, innovatsiya texnologiyalarini joriy etish hisobiga yuqori texnologiyali, jahon bozorlarida raqobatbardosh mahsulotlarni keng koʻlamda ishlab chiqarishdan iborat etib belgilansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
“Navoiy” erkin iqtisodiy zonaning faoliyat koʻrsatish muddati 30 yilni tashkil etadi, bu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin;
EIZ faoliyati davomida uning hududida alohida bojxona va soliq rejimlari, Oʻzbekiston Respublikasi norezident fuqarolarining uning hududiga kirish, hududda boʻlish va chiqib ketishning, shuningdek, ular tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar olishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi;
alohida huquqiy tartib, shu jumladan, soliq va bojxona tartibi faqat EIZ hududida faoliyat koʻrsatayotgan va EIZ direksiyasi tomonidan roʻyxatga olingan xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun amal qiladi;
EIZ faoliyatini muvofiqlashtirish Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
“Navoiy” erkin iqtisodiy zona tashkil etilgan barcha hudud EIZ faoliyat koʻrsatadigan butun davr mobaynida foydalanish va boshqarish uchun “Navoiy” EIZ direksiyasiga beriladi;
“Navoiy” erkin iqtisodiy zona direksiyasi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga EIZ hududida yer uchastkalarini subijaraga topshirish, oʻz huquq va majburiyatlarini ijara shartnomasi boʻyicha boshqa shaxsga berish, ularni ulush sifatida ustav kapitaliga qoʻshish huquqisiz ijaraga beradi. EIZ ishtirokchilariga taqdim etilgan yer uchastkalarini sotish va boshqacha tarzda oʻzgaga berish taqiqlanadi.
5. “Navoiy” erkin iqtisodiy zonada roʻyxatdan oʻtgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga eksport va import qilinadigan tovarlar uchun haq toʻlash va hisob-kitob qilishning ularga qulay shartlari va shakllaridan foydalanishga ruxsat etilsin.
6. “Navoiy” erkin iqtisodiy zonada roʻyxatga olingan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi soliq qonunchiligining soliq toʻlovchilar ahvolini yomonlashtiruvchi hujjatlari tatbiq etilmasligi belgilab qoʻyilsin, aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlarning soliqqa tortilishini tartibga soluvchi hujjatlar bundan mustasno.
7. Navoiy viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi “Yergeodezkadastr” va “Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi”, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalari bilan birgalikda:
ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga EIIZni joylashtirish uchun zarur boʻlgan yer maydoni boʻyicha, uning chegaralari aniq koʻrsatilgan holda, takliflar kiritsin;
bir oy muddatda, tanlangan yer uchastkasi maʼqullangandan keyin, uni erkin industrial-iqtisodiy zona yaratish maqsadida belgilangan tartibda ajratsin, uni zarur kadastr materiallari bilan rasmiylashtirsin hamda EIIZ Maʼmuriy kengashiga u faoliyat koʻrsatadigan muddatga foydalanish va boshqarish uchun bersin;
2009-yil 1-martgacha boʻlgan muddatda mazkur zona hududini barpo etishning, shu jumladan zarur muhandislik kommunikatsiyalari va servis xizmatlarini tashkil etishning dastlabki rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin;
2010-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda erkin industrial-iqtisodiy zonaning Bosh rejasini va zarur loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
bir oy muddatda “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zona toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlasin va uning faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida qaror qabul qilsin;
2009-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda Navoiy viloyatidagi erkin industrial-iqtisodiy zona faoliyatini tezkor boshqarish va davlat tomonidan tartibga solish vazifalarini amalga oshirish uchun EIIZning Maʼmuriy kengashini tashkil etsin;
uch oy muddatda ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zona faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, zarurat boʻlganda, Investitsiya dasturlarini shakllantirishda EIZni rivojlantirishning tasdiqlangan Bosh rejasiga va taqdim etilgan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq erkin industrial-iqtisodiy zonaning ishlab chiqarish infratuzilmasini barpo etishga mablagʻlarni nazarda tutsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 2-dekabr,
PF-4059-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 2-dekabrdagi PF-4059-sonli Farmoniga ILOVA
“Navoiy” erkin iqtisodiy zona faoliyatini muvofiqlashtiruvchi normativ-huquqiy hujjatlar
ROʻYXATI
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
