97-modda. Daʼvo arizasining shakli va mazmuni
Hakamlik sudi va xoʻjalik nizolarini hal etish tartibi toʻgʻrisida (443-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Daʼvo arizasi hakamlik sudiga yozma ravishda beriladi hamda tashkilotning rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
Daʼvo arizasida quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
1) tomonlarning nomi va boʻysunuvi; ularning manzilgohi;
2) basharti, daʼvo baholanishi lozim boʻlsa, daʼvoning bahosi;
3) daʼvo talabi asoslangan holatlar, arizada bayon etilgan holatlarni tasdiqlovchi dalil-isbotlar, undirilayotgan yoki bahsga sababchi boʻlgan mablagʻning asosli hisob-kitoblari, daʼvo taqdim etish uchun asos boʻlgan qonunlar;
4) javobgarlardan har biri oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlarini koʻrganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
5) daʼvo talabi; basharti daʼvo bir necha javobgarga qaratilgan boʻlsa — ularning har biriga nisbatan qoʻyilgan talab;
6) arizaga ilova qilinayotgan hujjatlar va boshqa dalil-isbotlarning roʻyxati.
Agar ular nizoni toʻgʻri hal etish uchun kerakli boʻlsa, daʼvo arizasida boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin.
