88-modda. Hakamlik sarf-xarajatlarining taqsimlanishi
Hakamlik sudi va xoʻjalik nizolarini hal etish tartibi toʻgʻrisida (443-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Davlat boji:
1) shartnomalarni tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish chogʻida yuzaga keladigan nizolar boʻyicha — takliflar qabul qilinmagan tomon zimmasiga yoxud tomonlardan har birining takliflaridan bir qismi hakamlik sudi tomonidan rad etilgan taqdirda — ikkala tomon zimmasiga;
2) shartnomalarni bajarish chogʻida yoki boshqa asoslarga binoan yuzaga keladigan nizolar boʻyicha — qondirilgan daʼvo talablarining miqdoriga mutanosib ravishda tomonlar zimmasiga yuklanadi.
Agar ish tomonning notoʻgʻri xatti-harakatlari oqibatida (munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish toʻgʻrisidagi takliflarni javobsiz qoldirish, javobgar oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish uchun talab qilgan hujjatlarni daʼvogarning yubormasligi va shu kabilar) kelib chiqqan boʻlsa, hakamlik sudi ishning yakunidan qatʼi nazar, davlat boji yuzasidan sarf-xarajatlarni shu tomonning zimmasiga yuklashga haqlidir.
Daʼvogar davlat boji toʻlashdan belgilangan tartibda ozod qilingan boʻlsa, bu davlat boji qondirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda javobgardan (basharti, javobgar bojni toʻlashdan ozod qilinmagan boʻlsa) budjet foydasiga undirib olinadi.
Qaror qaysi tomonning foydasiga chiqarilgan boʻlsa, hakamlik sudi shu tomonning davlat bojiga oid sarf-xarajatlarini ikkinchi tomon (garchi u boj toʻlashdan ozod qilingan boʻlsa ham) hisobidan qoplaydi.
Ekspertiza oʻtkazilganligi uchun toʻlanishi lozim boʻlgan pullar: daʼvo qondirilgan taqdirda — javobgar zimmasiga; daʼvo rad etilgan taqdirda — qondirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda har ikkala tomon zimmasiga yuklanadi.
Agar tomonlar oʻrtasidagi kelishuvda hakamlik sarf-xarajatlarining taqsimoti nazarda tutilgan boʻlsa, hakamlik sudi ushbu kelishuvga muvofiq qaror qabul qiladi.
