28-modda. Iqtisodiy munosabatlarda qonunlar buzilishining oldini olish
Hakamlik sudi va xoʻjalik nizolarini hal etish tartibi toʻgʻrisida (443-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Hakamlik sudi iqtisodiy munosabatlarda qonunlar buzilishining oldini olish ishlarini olib boradi va shu maqsadda:
1) iqtisodiy munosabatlarda qonunlar buzilishining sabablaridan darak beruvchi maʼlumotlar va materiallarni izchil tahlil qilib boradi, oʻz huquq doirasida ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
2) ishlarni bevosita tashkilotlarning oʻzida hal etadi;
3) tashkilotlarning rahbarlariga, davlat idoralari va boshqa idoralarga xususiy ajrimlar, aniqlangan qonunbuzarliklar toʻgʻrisidagi, ana shu qonunbuzarliklar sodir etilishiga sabab boʻluvchi hamda tegishli chora-tadbirlar koʻrilishini talab qiluvchi xolatlar haqidagi axborotlarni yuboradi.
Xususiy ajrim, axborot yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrilganligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi hakamlik sudlariga bir oylik muddatdan kechikmay javob berilishi kerak.
Zarur hollarda aniqlangan qoidabuzarliklar haqida prokuratura idoralariga axborotlar yuboriladi;
4) iqtisodiy munosabatlarda yoʻl qoʻyilayotgan eng jiddiy qoidabuzarliklar toʻgʻrisida:
Oliy hakamlik sudi — Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Kengashiga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga maʼlum qiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasini xabardor etadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hakamlik sudi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Kengashiga maʼlum qiladi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasini xabardor etadi;
viloyat hakamlik sudi — xalq deputatlari viloyat Soveti hamda uning ijroiya qoʻmitasini xabardor etadi.
