24-modda. Oliy hakamlik sudi Plenumining vakolatlari
Hakamlik sudi va xoʻjalik nizolarini hal etish tartibi toʻgʻrisida (443-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Oliy hakamlik sudining Plenumi:
1) xoʻjalik nizolarini hal etuvchi idoralarning ushbu idoralar huquq doirasida birgalikda tadbirlar oʻtkazish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib borish masalalarini qarab chiqadi;
2) xoʻjalik nizolarini hal etish amaliyotini umumlashtirishga taalluqli materiallarni qarab chiqadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini qoʻllash masalalari yuzasidan sud talqini tartibida tushuntirishlar beradi, Oliy hakamlik sudi Plenumining tushuntirishlari Oʻzbekiston Respublikasida tushuntirishga taalluqli boʻlgan qonunlarni qoʻllayotgan hakamlik sudlari, tashkilotlar, davlat idoralari va boshqa idoralar, mansabdor shaxslar uchun majburiydir;
3) Oliy hakamlik sudi Raisining taqdimnomasiga binoan Oliy hakamlik sudi hakamlari orasidan Plenum kotibini tasdiqlaydi;
4) Oliy hakamlik sudi hakamlik hayʼatlari raislarining tegishli hayʼatlar faoliyati toʻgʻrisidagi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hakamlik sudlari raislarining oʻz faoliyatlari toʻgʻrisidagi maʼruzalarini tinglaydi;
5) iqtisodiy munosabatlarni huquqiy boshqarishni hamda xoʻjalik nizolarini hal etuvchi idoralar faoliyatini takomillashtirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi va boshqa idoralar muhokamasiga takliflar kiritish masalalarini qarab chiqadi;
6) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qoʻmitasining Oliy hakamlik sudi Plenumining tushuntirishlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga toʻgʻri kelmasligi xususidagi xulosalarini qarab chiqadi;
7) Oliy hakamlik sudi Raisining, Oʻzbekiston Respublikasi Prokurorining Oliy hakamlik sudi qabul qilgan qarorlar qonunlarga zid kelib qolganligi munosabati bilan bildirgan eʼtiroznomalari boʻyicha ishlarni nazorat tartibida koʻrib chiqadi;
8) Oʻzbekiston Respublikasi hakamlik sudlari hakamlarining malaka hayʼatini saylaydi.
