16-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hakamlik sudlarining hakamlari
Hakamlik sudi va xoʻjalik nizolarini hal etish tartibi toʻgʻrisida (443-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Xoʻjalik nizolarini hal etish boʻyicha hakamlik hayʼatining hakami tashkilotlar oʻrtasidagi nizolarni hal qiladi.
Hal qiluv qarorlarining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish boʻyicha hakamlik hayʼatining hakami nizolar yuzasidan chiqarilgan hal qiluv qarorlarining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshiradi.
Hakam nizoning qarab chiqilishiga rahbarlik qiladi, tomonlar oʻrtasida ahdlashuvga erishilishiga koʻmaklashadi.
Hakam nizolarni hal etish amaliyotini oʻrganadi va umumlashtiradi, qonunlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi, shuningdek iqtisodiy munosabatlarda qonunlar buzilishining oldini olish borasidagi ishlarni bajaradi.
Hakam Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hakamlik sudlari boʻlimining yoki boshqa boʻlinmasining rahbari boʻlishi mumkin.
Hakamning boshqa tashkilotlarda oʻrindoshlik shartlari bilan ishlashiga yoʻl qoʻyilmaydi, pedagogik va ilmiy-tadqiqot ishlari bilan bogʻliq faoliyat bundan mustasno.
Hakam ushbu Qonunda belgilab qoʻyiladigan tartibda attestatsiyadan oʻtadi, attestatsiya natijalariga koʻra unga malakasi hamda ish tajribasini hisobga olgan holda malaka klassi beriladi.
