143-modda. Qarorning qabul qilinishi
Hakamlik sudi va xoʻjalik nizolarini hal etish tartibi toʻgʻrisida (443-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish natijalari yuzasidan dalil-isbotli qaror qabul qilinadi hamda bu qaror qabul qilingan hal qiluv qarorlarining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish boʻyicha hakamlik hayʼatining hakamlari tomonidan, hayʼat boʻlmagan joylarda esa — hakamlik sudining raisi yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
Qarorda quyidagilar koʻrsatiladi:
1) hakamlik sudining nomi, ishning tartib raqami va qaror qabul qilingan sana, ariza bergan tomonning (tomonlarning) nomi, raddiya kiritgan prokuror, hal qiluv qarorini qabul qilgan hakamlik sudining tarkibi hamda hakamlik sudida tushuntirish bergan shaxslar va ularning mansablari;
2) hal qiluv qarorini qabul qilgan hakamlik sudining, xoʻjalik nizosini hal etuvchi boshqa idoraning nomi, ishning tartib raqami, qaror qabul qilingan sana, hal qiluv qarorini qabul qilgan shaxslarning familiyalari;
3) qabul qilgan hal qiluv qarori mohiyatining qisqacha bayoni;
4) hal qiluv qarorining qay darajada qonuniy va asosliligini tekshirish toʻgʻrisidagi masala oʻrtaga qoʻyilishining asoslari, ariza yoki raddiyaga bildirilgan fikrda bayon etilgan dalillar;
5) qaror qabul qilinishiga olib kelgan sabablar — bunda qonunlarga va ish materiallariga tayanilishi lozim;
6) ariza yoki raddiyani qarab chiqish natijalari yuzasidan xulosalar;
7) tomonlar va hakamlik sudi, nizoni qarab chiqayotgan boshqa idora hal qiluv qarorini bekor qilish va ishni yangidan koʻrib chiqish uchun berish chogʻida bajarish lozim boʻlgan harakatlar.
