112-modda. Majlisni olib borish tartibi
Hakamlik sudi va xoʻjalik nizolarini hal etish tartibi toʻgʻrisida (443-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Xoʻjalik nizolari hakamlik sudi tomonidan majlisda tomonlar vakillarining ishtirokida bir yoki uch hakamdan iborat tarkibda koʻrib chiqiladi.
Majlisni olib borish tartibini majlisda raislik qilayotgan hakam belgilaydi. Hakam sudning tarkibini eʼlon qiladi, hakamlik jarayonining qatnashchilariga ularning huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi hamda ularga tegishli huquqlarning amalga oshirilishiga koʻmaklashadi.
Majlisda daʼvogar va javobgar vakillarining, ekspertning hamda majlisda qatnashayotgan boshqa shaxslarning soʻzi tinglanadi.
Hakam nizoni hal etish uchun har qanday zarur dalil-isbotlarni taqdim etishda har bir tomonga teng va toʻla imkoniyat berishi lozim.
Hakam tomonlar murosaga kelishiga koʻmaklashadi.
