11-modda. Oliy hakamlik sudining Raisi
Hakamlik sudi va xoʻjalik nizolarini hal etish tartibi toʻgʻrisida (443-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Respublika Oliy hakamlik sudiga Rais boshchilik qiladi.
Oliy hakamlik sudining Raisi:
Oliy hakamlik sudining faoliyatiga rahbarlik qiladi hamda uning ishini tashkil etadi;
Oliy hakamlik sudining Plenumi chaqiradi va uning majlislarida raislik qiladi; Oliy hakamlik sudi va hayʼati hakamlik sudining majlislarida raislik qilishi mumkin; zarur hollarda bir hayʼat tarkibiga kiruvchi hakamlarni boshqa hayʼat tarkibida ishlarni koʻrib chiqish uchun jalb qiladi;
qarorlarning qay darajada qonuniyligi va asosligini tekshirish boʻyicha hakamlik hayʼatining xoʻjalik nizolari yuzasidan chiqargan qarorlariga nisbatan Oliy hakamlik sudi Plenumiga eʼtiroznomalar kiritadi;
Oliy hakamlik sudi Raisining oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
xodimlarni lavozimga tayinlaydi va vazifasidan ozod qiladi, ushbu Qonunga muvofiq oʻzgacha tartibda saylanadigan va vazifasidan ozod qilinadigan xodimlar bundan mustasno;
ushbu Qonunda berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Oliy hakamlik sudining Raisi oʻz vakolatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq faoliyati ustidan prokurorlik nazorati amalga oshirilmaydigan davlat idoralari hamda jamoat tashkilotlarining normativ huquqiy hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga qay darajada mos ekanligi toʻgʻrisida xulosalar berish xususida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qoʻmitasiga takliflar kiritadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi, uning Rayosati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi majlislarida ishtirok etishga haqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining, sessiyalar oraligʻidagi davrda esa — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi yoki hibsga olinishi mumkin emas.
