107-modda. Ishni majlisda qarab chiqish uchun materiallarni tayyorlash boʻyicha hakamning harakatlari
Hakamlik sudi va xoʻjalik nizolarini hal etish tartibi toʻgʻrisida (443-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Xoʻjalik nizosining toʻgʻri va oʻz vaqtida hal etilishini taʼminlash maqsadida hakam zarur hollarda ishni majlisda koʻrib chiqish uchun materiallarni tayyorlash boʻyicha quyidagi harakatlarni amalga oshiradi:
1) daʼvogar koʻrsatmagan tashkilotlarni qatnashchi-tomonlar sifatida ishda qatnashishga jalb etish masalasini hal qiladi;
2) oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish toʻgʻrisida taklif yuborilmagan tashkilotlarni javobgarlar jumlasidan chiqaradi;
3) tomonlar, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari zimmasiga muayyan harakatlarni bajarish vazifasini (hisob-kitoblarni solishtirib chiqishni, dalil-isbotlarni joyida koʻzdan kechirish va shu kabilarni) yuklaydi;
4) tomonlardan, boshqa tashkilotlardan nizoni hal etish uchun zarur hujjatlarni, maʼlumotlarni hamda xulosalarni soʻrab oladi;
5) ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi masalani hal etadi;
6) yozma va ashyoviy dalil-isbotlarni joyida koʻzdan kechiradi hamda tadqiq qiladi;
7) tomonlar vakillarning hakamlik sudi majlisida hozir boʻlishini majburiy deb yoki majburiy emas deb topish haqidagi masalani hal etadi;
8) mansabdor shaxslarni ishning mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berish uchun chaqirish haqidagi masalani hal etadi;
9) hakamlik sudining majlisini tashkilot joylashgan yerda oʻtkazish toʻgʻrisidagi masalani hal qiladi;
10) nizoning toʻgʻri va oʻz vaqtida hal etilishini taʼminlashga qaratilgan boshqa harakatlarni amalga oshiradi.
