105-modda. Daʼvo arizasini qaytarish
Hakamlik sudi va xoʻjalik nizolarini hal etish tartibi toʻgʻrisida (443-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Hakam quyidagi hollarda:
1) agar daʼvo arizasi uni imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs yoki mansab mavqei koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa;
2) agar daʼvo arizasida tomonlarning nomi, ularning pochta manzilgohi koʻrsatilmagan boʻlsa;
3) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji toʻlanganligining dalil-isbotlari taqdim etilmagan boʻlsa, shartnomalar tuzish chogʻida yuzaga keladigan xoʻjalik nizolari bundan mustasno;
4) agar bir daʼvo arizasida bir yoki bir necha javobgarga nisbatan bir qancha talablar birlashtirib qoʻyilgan boʻlib, bu talablar kelib chiqish asoslariga yoki taqdim etilgan dalil-isbotlarga koʻra oʻzaro bogʻliq boʻlmasa;
5) agar javobgarga daʼvo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxalari yuborilganligining dalil-isbotlari taqdim etilmagan boʻlsa;
6) agar boshqa tomon bilan oʻzaro munosabatlarni ixtiyoriy ravishda tartibga solish chora-tadbirlari koʻrilganligining dalil-isbotlari taqdim etilmagan boʻlsa;
7) qonunga koʻra qarz bank orqali olinishi lozim boʻlganda, javobgardan qarzni olish uchun bank muassasasiga murojaat qilinganligining dalil-isbotlari taqdim etilmagan boʻlsa;
8) agar ish yuritish toʻgʻrisida ajrim chiqarilguniga qadar daʼvogardan nizo hal etilganligi haqida ariza kelib tushsa, daʼvo arizasini va unga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqmasdan turib qaytaradi.
Hakam daʼvo arizasini ariza kelib tushgan kundan boshlab besh kundan kechiktirmay qaytaradi.
Daʼvo arizasining qaytarilishi yoʻl qoʻyilgan kamchilik bartaraf etilganidan soʻng umumiy tartibda hakamlik sudiga ikkinchi marta daʼvo arizasi bilan murojaat qilinishiga toʻsiq boʻlmaydi.
