5-modda. Xalq deputatlari shahar va posyolka Sovetlarining hamda ularning ijroiya qoʻmitalarining yer munosabatlarini tartibga solish sohasidagi vakolatlari
“Yer toʻgʻrisidagi” Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish (439-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Yer munosabatlarini tartibga solish sohasida shahar (posyolka) doirasida yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishni nazorat etish xalq deputatlari shahar va posyolka Sovetlarining ixtiyorida boʻladi.
Xalq deputatlari shahar va posyolka Sovetlari oʻz ixtiyorlariga berilgan yer munosabatlarini tartibga solishga doir har qanday masalani koʻrib chiqish va hal etishga haqlidir.
Yer munosabatlarini tartibga solish sohasida quyidagilar xalq deputatlari shahar va posyolka Sovetlarining ijroiya qoʻmitalari ixtiyorida boʻladi:
1) yer uchastkasining katta-kichikligidan qatʼi nazar, shahar (posyolka) doirasidagi yerlarni berish va olib qoʻyish, jamoa va davlat xoʻjaliklarining, boshqa qishloq xoʻjalik korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yerlari bundan mustasnodir;
2) yerga egalik qilish, yerdan foydalanish huquqlarini, shuningdek yerlarni ijaraga olish shartnomalarini roʻyxatga olish;
3) shahar (posyolka) doirasida fuqarolarga, davlat, shirkat va jamoat korxonalariga, muassasalariga va tashkilotlariga berib qoʻyilgan yer uchun yer soligʻi va ijara haqi undirib olish;
4) ushbu moddaning 1-bandida belgilab qoʻyilgan tartibda yer olgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning yerga egalik qilish hamda undan foydalanish huquqlarini toʻxtatish.
