Transfer-agent faoliyati toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (1872-son)
21.11.2008
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKI QOʻMITASI HUZURIDAGI QIMMATLI QOGʻOZLAR BOZORI FAOLIYATINI MUVOFIQLASHTIRISH VA NAZORAT QILISH MARKAZI BOSH DIREKTORINING
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 21-noyabrda 1872-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 278-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-martdagi 126-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi toʻgʻrisidagi nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1996-y., 3-son, 11-modda) muvofiq buyuraman:
1. Transfer-agent faoliyati toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiritilsin.
Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktori K. TOLIPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 28-oktabr,
2008-29-son
Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi bosh direktorining 2008-yil 28-oktabrdagi 2008-29-son buyrugʻi bilan TASDIQLANGAN
Transfer-agent faoliyati toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom transfer-agent faoliyatini yuritish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom maqsadlarida quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
investor — qimmatli qogʻozlarni oʻz nomidan va oʻz hisobidan oluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
transfer-agent — qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni hisobga olish tizimiga taalluqli hujjatlarni qabul qilish, ularga ishlov berish va ularni topshirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
transfer-agentning mijozi (mijoz) — emitent, shuningdek qimmatli qogʻozlarga doir bitimlar tuzuvchi shaxslar;
emitent— emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqaruvchi va ular yuzasidan qimmatli qogʻozlarning egalari oldida majburiyatlari boʻlgan yuridik shaxs;
qimmatli qogʻozlar egasi (mulkdor) — qimmatli qogʻozlar oʻziga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida tegishli boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi (Markaziy depozitariy) — depo hisobvaraqlari boʻyicha emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni saqlashning, bunday qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni hisobga olishning va emissiyaviy qimmatli qogʻozlar harakatining yagona tizimini taʼminlovchi davlat depozitariysi;
qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi.
2. Transfer-agentni yuridik shaxs sifatida tuzish, uni qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
3. Transfer-agentning faoliyatini litsenziyalash qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
4. Transfer-agent qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni birga qoʻshib olib borish huquqiga ega.
Bunda emitentlarga qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni hisobga olish tizimiga taalluqli hujjatlarni qabul qilish, ularga ishlov berish va ularni topshirish xizmatlarini koʻrsatayotgan transfer-agent investitsiya vositachisi professional faoliyatini amalga oshirishga haqli emas.
II. Transfer-agent faoliyatini amalga oshirish qoidalari
6. Qimmatli qogʻozlar bozorida transfer-agent sifatida professional faoliyatni amalga oshirish uchun:
qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining tegishli litsenziyasiga ega boʻlish;
qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisining malaka sertifikati boʻlgan kamida ikki xodimga ega boʻlish;
qonunchilik hujjatlari bilan oʻz mablagʻlari miqdoriga qoʻyilgan talablarga amal qilinishini taʼminlash;
qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa talablarni bajarish zarur.
7. Transfer-agent, investorlarga, qimmatli qogʻozlar egalariga va emitentlarga ular bilan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq xizmat koʻrsatadi.
8. Transfer-agentning mijoz bilan shartnoma tuzish shartlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.
9. Oʻzining mijoz oldidagi majburiyatlarini bajarish vaqtida transfer-agent mijozning manfaatlarini koʻzlab ish tutishi lozim. Manfaatlar toʻqnashuvi sodir boʻlgan vaziyatda transfer-agent mijozni xabardor qilishi va birinchi navbatda oʻzining mijoz oldidagi majburiyatlarini bajarishi lozim.
10. Transfer-agent investorlar va mulkdorlarga quyidagi xizmatlarni koʻrsatishga haqli (bundan uchinchi shaxslar oldida majburiyatlar yuklatilgan qimmatli qogʻozlarni qimmatli qogʻozlarga majburiyatlar yuklatish tugallanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmasdan oʻtkazish mustasno):
ular tomonidan qimmatli qogʻozlar bilan bitimlar boʻyicha zarur boʻlgan hujjatlarni toʻldirishda yordam koʻrsatish;
ular nomidan qimmatli qogʻozlar bilan bitimlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun Markaziy depozitariy yoki investitsiya vositachisiga hujjatlarni taqdim etish;
egasi tomonidan begonalashtirilgan qimmatli qogʻozlarni ularga ega boʻlgan investorning hisobvaragʻiga chiqarish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni Markaziy depozitariy yoki investitsiya vositachisiga taqdim etish;
shartnomani tuzish uchun, shartnomaga taalluqli boʻlgan, shuningdek investor ega boʻlgan qimmatli qogʻozlarni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni Markaziy depozitariyga yoki investitsiya vositachisiga taqdim etish;
ular nomidan qimmatli qogʻozlar bilan birjadan tashqari savdolar tashkilotchisiga qimmatli qogʻozlarni sotib olish yoki sotish yuzasidan buyurtmalarni taqdim etish;
oʻz mijozlariga ularning qimmatli qogʻozlar bilan bitimlarini roʻyxatdan oʻtkazish yakunlari boʻyicha hujjatlarni, shuningdek depozitar operatsiyalarning bajarilishi boʻyicha hisobotlarni topshirish.
11. Transfer-agent emitentga quyidagi xizmatlarni koʻrsatishga haqlidir:
emitentning qimmatli qogʻozlar egalari reyestrlarini shakllantirish yuzasidan rasmiy talablarini Markaziy depozitariyga topshirish;
transfer-agent tomonidan taqdim etilgan emitentning rasmiy talablari boʻyicha shakllangan qimmatli qogʻozlar egalarining reyestrlarini Markaziy depozitariydan qabul qilib olish;
Markaziy depozitariydan olingan qimmatli qogʻozlar egalarining reyestrlarini emitentga yetkazib berish;
aksiyadorlarning umumiy yigʻilishlarini tashkil etish va oʻtkazish.
12. Transfer-agent tomonidan toʻgʻri rasmiylashtirilgan toʻliq hujjatlar toʻplami taqdim etilgandagina Markaziy depozitariy va investitsiya vositachilari mijozlarning oʻzlari kelmaganligi sabablariga koʻra transfer-agentga uning mijozlari bitimlarini roʻyxatga olishni, ularning qimmatli qogʻozlarini oʻtkazishni, chiqarishni rad etishga haqli emas.
13. Oʻz mijozlari nomidan hujjatlarni taqdim etgan holda, transfer-agent ularning imzolari aslliligiga hamda taqdim etilgan hujjatlarda aks ettirilgan ular vakolatlarining haqiqiyligiga kafolat beradi.
14. Transfer-agent tomonidan ushbu Nizomning 10-bandida koʻrsatilgan xizmatlarning koʻrsatilishi uchun vaqt davriyligi besh ish kunidan oshib ketmasligi lozim.
15. Transfer-agent tomonidan ushbu Nizomning 11-bandida koʻrsatilgan xizmatlarning koʻrsatilishi uchun vaqt davriyligi transfer-agentning emitent bilan tuzilgan shartnoma va qonunchilik hujjatlarida belgilangan reyestrni shakllantirishga qoʻyilgan talablar bilan belgilanadi.
16. Transfer-agent ushbu Nizomning 14 va 15-bandlarida koʻrsatilgan muddatlarda oʻzi tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar yakuni boʻyicha mijozlarni yozma ravishda xabardor qilishga majbur.
17. Transfer-agent belgilangan tartibda kirish va chiqish hujjatlar va axborotlar hisobini yuritish jurnalining yuritilishini taʼminlaydi.
18. Transfer-agent tomonidan mijozlarga xizmatlar koʻrsatish uchun dasturiy taʼminot va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan hollarda, mazkur dasturiy taʼminot va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qonunchilik hujjatlari talablariga javob berishi lozim.
III. Transfer-agentning hujjatlari hisobini yuritish va uni saqlash
19. Oʻz faoliyatini amalga oshirish vaqtida transfer-agent qonunchilik hujjatlariga, ustaviga va oʻzi tomonidan tasdiqlangan:
axborotlarni saqlash, himoya qilish va qayta tiklash tartibiga, shu jumladan maxfiy axborotlardan gʻayriqonuniy foydalanishga qaratilgan choralar roʻyxatiga;
transfer-agent operatsiyalarining ichki hisobini yuritish qoidalariga;
mijoz bilan manfaatlar toʻqnashuvi sodir boʻlganda transfer-agentning harakatlari tartibiga;
mijozlarga xizmat koʻrsatish reglamentiga;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ichki hujjatlarga amal qiladi.
20. Transfer-agent oʻzi tomonidan olingan va tarqatilgan axborotlarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qogʻoz va/yoki elektron hujjat shaklida rasmiylashtirishi shart.
201. Transfer-agentning funksiyalarini bajarish uchun zarur boʻlgan hujjatlar elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron hujjatlar shaklida qabul qilinishi, qayta ishlanishi va uzatilishi mumkin.
21. Oʻz faoliyati muddati davomida transfer-agent qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda:
xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalariga muvofiq mijozlardan olingan hujjatlar nusxalarini;
uning mijozlari qimmatli qogʻozlarini hisobdan chiqarish va oʻtkazish toʻgʻrisidagi hujjatlar nusxalarini;
mijozlar bilan tuzilgan shartnomalarni;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa axborotlar va hujjatlarning but saqlanishini va xronologik hisobini yuritilishini taʼminlashi shart.
IV. Transfer-agent tomonidan axborotlarning oshkor qilinishi
22. Investorning talabiga binoan transfer-agent:
davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi hujjat nusxasini;
qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya nusxasini;
oʻzining ustav fondi, oʻzlik mablagʻlari miqdori va zaxira jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
investor tomonidan egalik qilayotgan qimmatli qogʻozlar chiqarilishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
investor tomonidan egalik qilayotgan qimmatli qogʻozlarning emissiya risolasida aks ettirilgan maʼlumotlarni, shuningdek investor tomonidan axborotni taqdim etish toʻgʻrisidagi talablarni topshirishning oldingi sanasidan olti hafta mobaynida bunday qimmatli qogʻozlarga boʻlgan narxlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
shartnomada kelishilgan muddatlarda qimmatli qogʻozlar bilan bitimlar natijalari boʻyicha hisobotni taqdim etadi.
23. Transfer-agent investorlarni ushbu Nizomning 22-bandida nazarda tutilgan ularning axborotlarni olishga boʻlgan huquqlari toʻgʻrisida xabardor qilishga majbur.
24. Transfer-agent qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organiga ikki ish kuni ichida yozma shaklda:
bir chorak davomida faqat bir emitentning qimmatli qogʻozlari bilan operatsiyalar;
bir emitentning qimmatli qogʻozlari bilan bir martalik operatsiya, agar bu operatsiya boʻyicha qimmatli qogʻozlarning soni mazkur qimmatli qogʻozlar umumiy sonining kamida 15 foizini tashkil etgan boʻlsa, ularni amalga oshirilganligi haqida axborot beradi.
25. Transfer-agent qimmatli qogʻozlar bozoridagi axborotlarning maxfiyligiga amal qilishi lozim.
26. Transfer-agent tomonidan qimmatli qogʻozlar bozoridagi maxfiy axborotlarning oshkor qilinishi “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq amalga oshiriladi.
V. Transfer-agentning javobgarligi
27. Transfer-agent investor yoki qimmatli qogʻozlar egasining oldida yetkazilgan zararlar doirasida qonunchilik hujjatlariga muvofiq quyidagilar uchun mulkiy javobgar boʻladi:
qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan axborotni investorning talabiga binoan taqdim etmaganlik yoki notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etganlik uchun;
qimmatli qogʻozlar emissiyasining belgilangan tartibini buzganlik uchun;
qimmatli qogʻozlarning insofsiz reklamasini amalga oshirganlik, qimmatli qogʻozlarning qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmagan chiqarilishining reklamasi, shuningdek muomalasi qonun bilan taqiqlangan qimmatli qogʻozlarning reklamasi uchun;
ular tomonidan investorlar bilan qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan huquqlarini hamda emitentlar va qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchilarining javobgarligini cheklaydigan shartnomalar tuzilganligi uchun;
qimmatli qogʻozlar bozorida hiyla-nayrang ishlatganlik va insayder axborotdan foydalanganlikning sud tomonidan aniqlangan faktlari uchun, shuningdek qimmatli qogʻozlar, qimmatli qogʻozlarning emitentlari, qimmatli qogʻozlarga doir narxlar toʻgʻrisida qasddan buzib koʻrsatilgan axborot taqdim etish, shu jumladan reklamada shunday axborot taqdim etish orqali investorni yoki qimmatli qogʻozlar egasini qimmatli qogʻozlarni sotib olishga yoki sotishga undaganlik uchun;
investorlar yoki qimmatli qogʻozlarning egalari bilan tuzilgan shartnomalar shartlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik, shuningdek investor yoki qimmatli qogʻozlarning egasi bilan tuzilgan shartnomada kelishilganidan farq qiladigan shartlar asosida bitim tuzganlik uchun.
28. Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun transfer-agentga nisbatan qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlik choralari qoʻllaniladi.
29. Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari buzilgan holda transfer-agentning mansabdor shaxslariga nisbatan:
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida nazarda tutilgan maʼmuriy javobgarlik choralari;
faoliyatning alohida turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, qimmatli qogʻozlar bozorining professional qatnashchilarini boshqaruv organlarida ularning ishtirokini cheklovchi choralar;
qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassislarini malaka sertifikatidan mahrum etish yoxud mazkur sertifikatni berishni rad etish;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa choralar qoʻllaniladi.
VI. Yakuniy qoidalar
31. Transfer-agent va uning mijozlari oʻrtasidagi nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
32. Ushbu Nizom talablarini buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
33. Ushbu Nizom talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi amalga oshiradi.
