46-modda. Himoyachining majburiyatlari va huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (660-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
Himoyachi gumon etilayotgan shaxsni, ayblanuvchi yoki sudlovchini oqlaydigan, ularning javobgarligini kamaytiradigan holatlarni aniqlash maqsadida himoya qilishning qonunda koʻrsatilgan barcha vositalari va usullaridan foydalanishi hamda ularga zarur yuridik yordam koʻrsatishi shart.
Himoyachi ishda qatnashishga ruxsat etilgan vaqtdan boshlab: aybnoma eʼlon qilinayotgan chogʻda ishtirok etishga, gumon etilayotgan shaxs yoki ayblanuvchini soʻroq qilishga, shuningdek ular ishtirokida oʻtkaziladigan boshqa tergov harakatlari vaqtida qatnashishga; ishga doir barcha materiallar bilan tanishish hamda ulardan zarur maʼlumotlarni koʻchirib olishga; sud tergovida qatnashishda dalil-isbotlarni taqdim etishga; iltimoslarni bayon etishga; raddiyalar berishga; surishtiruv oʻtkazayotgan shaxs tergovchi, prokuror va sudning harakatlari hamda qarorlari yuzasidan shikoyat qilishga haqlidir. Himoyachi qatnashishga ruxsat etilgan vaqtdan boshlab ushlangan shaxs yoki qamoqqa olinayotgan, gumon etilayotgan shaxs yoxud ayblanuvchi bilan istagancha va davomiyligi cheklanmagan holda tanholikda uchrashishga haqlidir.
Tergov harakatlari olib borilayotganda ishtirok etayotgan himoyachi soʻroq qilinayotgan shaxsga savollar berishga, tergov bayonidagi yozuvlarning notoʻgʻri yoki toʻliq emasligi yuzasidan yozma fikr-mulohazalar bildirishga haqlidir.
Himoyachi himoyani amalga oshirishi munosabati bilan oʻziga maʼlum qilingan maʼlumotlarni oshkor etishga haqli emas.
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida himoyachining boshqa huquqlari nazarda tutilishi mumkin.
Advokat gumon etilayotgan shaxsni, ayblanuvchini yoki sudlanuvchini himoya qilish boʻyicha oʻz zimmasiga olgan vazifadan voz kechshiga haqli emas”.
10. 50-moddaning ikkinchi qismi “tergov va sud harakatlarining protokollari” soʻzlaridan soʻng “video yozuvlar, kinofoto, suratlar va magnit lentasi yozuvlaridan iborat materiallar” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
11. 54-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Guvoh uzrli sabablarsiz kelmasa, surishtiruv oʻtkazayotgan shaxs, tergovchi, prokuror va sud uni majburiy ravishda olib keltirishga haqlidir. Guvoh qasddan sudda hozir boʻlishdan bosh tortgani taqdirda, sud bunday shaxslarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi qonunlarda nazarda tutilgan tartib va miqdorlarda maʼmuriy jazo belgilashi ham mumkin”.
