6-modda. Yoshlarni huquqiy muhofaza qilish va uni taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida (429-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Yosh fuqarolarni huquqiy muhofaza qilish davlat va jamoat tashkilotlari, birlashmalar va korxonalarning yoshlarga nisbatan huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyilgan vazifalarini, shaxsning qadr-qimmatini oilada, mehnat va oʻquv jamoasida, turar joyda har tomonlama himoya qilishni oʻz ichiga oladi.
Yoshlarni huquqiy muhofaza qilish Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda vakillik, ijroiya, sud hokimiyati idoralari, shuningdek huquq-tartibotni muhofaza qilish idoralari tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining yosh fuqarolari Konstitutsiya va qonun hujjatlarida mustahkamlab qoʻyilgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va shaxsiy huquq hamda erkinliklardan toʻliq foydalanadilar. Yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ularning yoshiga qarab qandaydir bevosita yoki bilvosita cheklab qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday xatti-harakatlar amaldagi qonunlarga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
Voyaga yetmaganlarning muomala layoqati masalalari, yosh fuqarolar ayrim toifalarining (nogironlar, uy bekalari, bolalar uyida tarbiyalanayotgan hamda tarbiyalanib chiqqanlarning va hokazo) huquqlarini himoya qilish masalalari Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan tartibga solib turiladi.
Oʻzbekiston Respublikasida yoshlar orasida odob-axloqni buzishga, shu jumladan zoʻravonlikni, hayosizlikni va shafqatsizlikni tashviqot qilishga qaratilgan har qanday xatti-harakatlar man etiladi.
