15-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini iqtisodiy taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida (429-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi tadbirlarni pul bilan taʼminlash budjetlar, yoshlar jamgʻarmasi va boshqa jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Quyidagilar respublika budjeti va mahalliy budjetlar, shuningdek respublika jamgʻarmalari va boshqa jamgʻarmalarning mablagʻlari hisobidan pul bilan taʼminlanadi:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi respublikaning kompleks va aniq maqsadli dasturlari;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarni hal etishni jadallashtirishga qaratilgan, aniq maqsadlar uchun qilinadigan xarajatlar;
yoshlar jamoat tashkilotlarining ijtimoiy jihatdan muhim boʻlgan dasturlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qilinadigan xarajatlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari boʻyicha davlat Kengashi va unga boʻysunuvchi muassasalarni taʼminlashga ketadigan xarajatlar;
Oʻzbekiston Respublikasi tuzgan shartnomalarga muvofiq yoshlarning mintaqalararo miqyosda va xalqaro aloqalarni amalga oshirish uchun qilinadigan xarajatlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadigan yosh fuqarolarni ijtimoiy taʼminlashning kafolatlangan umumdavlat minimumiga qilinadigan xarajatlar;
voyaga yetmagan fuqarolarga kompensatsiya toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar.
