11-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini tashkiliy jihatdan taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida (429-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ishlab chiqadi.
Yoshlarga oid davlat siyosatini roʻyobga chiqarish Oʻzbekiston Respublikasining Yoshlar ishlari boʻyicha davlat Kengashi va boshqa davlat idoralari, joylarda esa xalq deputatlari Kengashlari ijroiya idoralari zimmasiga yuklatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Yoshlar ishlari boʻyicha davlat Kengashining vazifalari, vakolatlari va tuzilishi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Yoshlar ishlari boʻyicha davlat Kengashi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda yoshlarga oid davlat siyosati asosidagi tadbirlarni pul bilan taʼminlash oʻlchamlari va ilmiy jihatdan asoslangan ijtimoiy mezonlarini ishlab chiqadi hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi muhokamasiga kiritadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Yoshlar ishlari boʻyicha davlat Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga va Prezidentiga har yili yoshlarning ahvoli xususida maʼruza taqdim etadi.
