1-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatining maqsadi va qoidalari
Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari toʻgʻrisida (429-XII-son) · Sana: 20.11.1991 · Amalda
Yoshlarga oid siyosat Oʻzbekiston Respublikasi davlat faoliyatining ustuvor yoʻnalishi boʻlib, uning maqsadi yoshlarning ijtimoiy shakllanishi va kamol topishi, ijodiy iqtidori jamiyat manfaatlari yoʻlida imkoni boricha toʻla-toʻkis roʻyobga chiqishi uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, tashkiliy jihatdan shart-sharoit yaratish hamda ularni kafolatlashdan iboratdir.
Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati quyidagi qoidalarga asoslanadi:
millati, irqi, tili, dini, ijtimoiy mavqei, jinsi, maʼlumoti va siyosiy eʼtiqodidan qatʼi nazar, yoshlar toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish;
yoshlarni huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilish;
milliy, madaniy anʼanalarning avloddan-avlodga oʻtishi, avlodlarning maʼnaviy aloqasi;
yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, yoshlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari doirasida oʻz manfaatlarini amalga oshirish yoʻllarini erkin tanlay olishlariga kafolat berish;
jamiyatni rivojlantirishga, ayniqsa respublika yoshlari hayotiga oid siyosat va dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda yoshlarning bevosita ishtirok etishi;
huquq va burchlarning, erkinlik va fuqarolik masʼuliyatining birligi.
