35-modda. Internat-uylardagi va boshqa doimiy ishlaydigan ijtimoiy yordam muassasalaridagi nogironlarning huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida (422-XII-son) · Sana: 18.11.1991 · Kuchini yo'qotgan
Nogironlarning internat uylarda yoki boshqa doimiy ishlaydigan ijtimoiy yordam muassasalarida boʻlish sharoiti nogironlar oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishlari uchun imkoniyatni taʼminlashi hamda shaxsning ehtiyojlari mumkin qadar toʻla-toʻkis qanoatlantirilishiga koʻmaklashishi lozim.
Salomatligini tiklash choralari yordamida nogironning internat uyda yoki oʻzga doimiy ishlaydigan ijtimoiy muassasada boʻlishiga zarurat qolmagan taqdirda davlat hokimiyati mahalliy idorasi unga ushbu Qonunning 11-moddasi talablariga muvofiq ravishda qulay turar joy maydoni berishi kerak.
Doimiy ishlaydigan muassasalarda yashayotgan yetim yoki ota-onalarining vasiyligidan mahrum etilgan nogiron bolalar balogʻatga yetgach, agar salomatlikni tiklashning yakka tartibdagi dasturida oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish va mustaqil turmush kechirish imkoniyati koʻzda tutilgan boʻlsa, shu dasturga muvofiq xalq deputatlari Kengashlari tomonidan navbatdan tashqari turar joy maydoni bilan taʼminlanadi.
