“Agrobank” aksiyadorlik-tijorat bankining investitsiyaviy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-975-son)
08.10.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Investitsiya loyihalarini amalga oshirishda bank tizimi rolini yanada oshirish, iqtisodiyotning agrar sektori va qayta ishlash tarmoqlarini rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik yangilash uchun “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankining yangi investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek iqtisodiyotni har tomonlama chuqur rivojlantirishda, bazaviy infratuzilmani shakllantirish hamda eksport salohiyatini izchil yuksaltirib borishda banki ishtiroki samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankining investitsiya faoliyati sohasidagi eng muhim vazifalari deb hisoblansin:
agrosanoat kompleksi tarmoqlarida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik yangilashga yoʻnaltirilgan faol investitsiyaviy siyosatni amalga oshirish, zamonaviy xorijiy texnologiyalar va uskunalarni jalb etish, shu asosda yuqori sifatli, jahon va ichki bozorlarda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqishni taʼminlash, ichki isteʼmol bozorini mahalliy oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror boyitish;
bankning shaxsiy resurslarini safarbar qilish va ulardan, shuningdek investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun samarali foydalanish, qoʻyilgan mablagʻlarni oʻz vaqtida va toʻliq qaytarib olishni taʼminlash;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotni tashqi va ichki bozorlarda sotish istiqbollarini chuqur tahlil etish asosida investitsiyaviy loyihalarni tanlab olish, kompleks baholash va ekspertiza qilish mexanizmini takomillashtirish, ishlab chiqarishning texnik hamda texnologik darajasi oshirilishini taʼminlash, loyihalarning amalga oshirilishidan koʻriladigan moliyaviy foydani prognozlash;
qishloq xoʻjalik tovar ishlab chiqaruvchilari va qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalarga keng koʻlamda bank va konsalting xizmatlari koʻrsatish, jumladan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish, koʻrgazmalar, yarmarkalar va ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni tashqi va ichki bozorlarga olib chiqishning boshqa shakllarini tashkil qilishda koʻmaklashish orqali ularning moliyaviy barqarorligini oshirish;
investitsiyaviy loyihalarni tanlab olish, ekspertiza qilish va amalga oshirish masalalari boʻyicha bank xodimlarini tizimli asosda qayta tayyorlash hamda malakasi oshirilishini tashkil etish, bankni yuqori malakali, tashabbuskor, bankning investitsiyaviy faoliyatini avj oldirish vazifalarini samarali yechish qobiliyatiga ega rahbarlar va mutaxassislar bilan mustahkamlash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankining 2009-yilda “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki aksiyalarini ilovaga muvofiq hajmlarda qoʻshimcha joylashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 8-oktabr,
PQ-975-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 8-oktabrdagi PQ-975-son qaroriga 1-ILOVA
2009-yilda “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankining qoʻshimcha joylashtiriladigan aksiyalari
HAJMI
T/r Aksiyadorlar nomi Summasi (mlrd soʻm) 1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 25 2. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi 19 3. “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi 5 4. “Oʻzagrosugʻurta” davlat aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasi 1 Jami 50
