2008-2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari dasturi toʻgʻrisida (212-son)
19.09.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va xoʻjalik yuritishning ekologik usullarini joriy etish, atrof muhitni muhofaza qilishni yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2008—2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari dasturi va uni roʻyobga chiqarish tadbirlari 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasiga ishlarni tashkil etish va 2008—2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari dasturining bajarilishini nazorat qilish yuklansin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va tashkilotlar:
ushbu qaror bilan tasdiqlangan tadbirlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritish uchun har yili Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga va Moliya vazirligiga belgilangan tartibda takliflar kiritsinlar;
2008—2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari dasturini bajarish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 19-sentabr,
212-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 19-sentabrdagi 212-son qaroriga 1-ILOVA
2008—2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari
DASTURI
2008 — 2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 20-oktabrdagi 469-son qarori bilan tasdiqlangan 1999 — 2005-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari dasturining davomi boʻlib Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlarga ekologik jihatdan koʻmaklashish prinsiplariga asoslanadi va uning asosiy qoidalari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari va loyihalarini ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda hisobga olinishi kerak.
I. Dasturning maqsadi va vazifalari
Ushbu Dastur atrof muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni taʼminlash, tabiiy tizimlarni, ularning biologik rang-barangligini hamda oʻzini oʻzi toʻgʻrilash qobiliyatini saqlash va qayta tiklash tabiiy resurslardan oqilona va kompleks foydalanishni taʼminlash, tabiatdan foydalanishni boshqarishning samarali iqtisodiy metodlarini joriy etishni davom ettirish, atrof muhitning ifloslanish darajasini kamaytirish, tabiiy muhitni saqlashni taʼminlashning huquqiy mexanizmini takomillashtirish, ekologik ilm-fanni rivojlantirish, ekologik bilimlarni keng targʻib qilish, shuningdek ekologik madaniyatni oshirish chora-tadbirlari kompleksini amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Koʻrsatib oʻtilgan maqsadlarga erishish uchun quyidagi vazifalarni hal etish nazarda tutilmoqda:
tabiiy resurslardan, shu jumladan suv, yer, mineral xomashyo, biologik resurslardan oqilona va kompleks foydalanish;
respublikaning butun hududi boʻyicha atrof tabiiy muhitning ifloslanish darajasini sanitariya-gigiyena normalarigacha pasaytirish;
ekologik talafot zonasida — Orolboʻyida, shuningdek mamlakatning ekologik jihatdan noqulay boʻlgan boshqa hududlarida ekologik holatni mahalliylashtirish, qayta tiklash va sogʻlomlashtirishni taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar koʻrish;
muhofaza qilinadigan yangi tabiiy hududlarni tashkil etish va mavjudlarini kengaytirish;
respublika aholisini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash;
ekologik jihatdan toza va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni, shu jumladan qayta tiklanayotgan energiya manbalaridan foydalanish boʻyicha texnologiyalarni joriy etish;
ekologiya sohasida ilmiy-texnika potensialini rivojlantirish hamda fan va texnika yutuqlaridan foydalanish;
ekologik monitoring, prognoz va axborotlarning kompleks tizimini amalga oshirish;
respublika hududlarini atrof muhitning transchegaraviy ifloslanishini nazorat qilish va undan muhofaza etishning yagona xizmatini shakllantirish;
ekologik qonunchilik, taʼlim, madaniyat va aholini tarbiyalash, shuningdek ekologik bilimlarni targʻib qilish tizimlarini takomillashtirish;
ekologik muammolarni hal etishda jahon hamjamiyati bilan hamkorlikni chuqurlashtirish.
II. Dasturni amalga oshirishning asosiy yoʻnalishlari
Ushbu Dasturda quyidagi toʻrtta asosiy yoʻnalishlar boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish moʻljallanmoqda:
atrof muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni taʼminlash;
tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va xoʻjalik yuritishning ekologik metodlarini joriy etish;
normativ-huquqiy bazani takomillashtirish hamda ekologik ilm-fanni, aholining ekologik taʼlimi va tarbiyasini rivojlantirish;
xalqaro hamkorlik va mintaqaviy ekologik xavfsizlik.
2.1. Atrof muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni taʼminlash
Atrof muhitning ifloslantiruvchi moddalar chiqindilari va oqovalari bilan ifloslanish darajasini kamaytirish, chiqindilarni zararsizlantirish, xoʻjalik faoliyatining turli sohalarida resurslarni tejaydigan va chiqitsiz texnologiyalarni joriy etish, korxonalarni tabiatni muhofaza qiluvchi zamonaviy asbob-uskunalar bilan texnologik jihatdan qayta taʼminlash va jihozlash, suv, tuproq atmosfera havosi sifatini normativdagi talablarga muvofiq boʻlishini taʼminlash, kanalizatsiya tozalash inshootlari va suv quvurlari tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va qurish, atrof muhitning holati monitoringi tizimlarini, ekologik xavfsizlikning kompleks tizimini modernizatsiya qilish va amalga oshirish koʻrsatib oʻtilgan sohalardagi asosiy vazifalar hisoblanadi.
Ushbu vazifalarga muvofiq mazkur boʻlimda quyidagi tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda:
transport vositalaridan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirish;
temir yoʻllarni elektrlashtirish;
issiqlik elektr stansiyalardan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirish;
suv resurslarining, ayniqsa chuchuk yer osti suvlari manbalari ifloslanishining oldini olish;
kanalizatsiya tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilish va aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi shaharlari va aholi punktlarida suv quvurlari tarmoqlarini rivojlantirish;
respublikaning chiqindixonalar joylashgan hududlarida va radiatsiya jihatidan xavfli hududlarida ekologik holatni sogʻlomlashtirish.
2.2. Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va xoʻjalik yuritishning ekologik metodlarini joriy etish
Ushbu boʻlimda tabiiy resurslardan oqilona va kompleks foydalanish samaradorligini oshirishga hamda davlat boshqaruvi organlari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va boshqa tashkilotlarning xoʻjalik faoliyatida ekologik jihatdan toza texnologiyalarni qoʻllanishga yordam beradigan tadbirlar keltirib oʻtilgan.
Tabiiy tizimlarning oʻzini oʻzi toʻgʻrilash qobiliyatini saqlash va antoropogen faoliyat oqibatlari oʻrnini toʻldirish uchun yetarli boʻlgan landshaft va biologik rang-baranglikni saqlash va qayta tiklash; muhofaza qilinadigan yangi tabiiy hududlarni yaratish va mavjudlarini kengaytirish; yerlarning ekologik, shu jumladan meliorativ holatini yaxshilash; ekologik jihatdan noqulay hududlarda, birinchi navbatda, Orolboʻyi zonasida ekologik tizimlarni barqarorlashtirish va qayta tiklash; energiya ishlab chiqarishni, shu jumladan energiyaning qayta tiklanadigan manbalaridan foydalanishni ekologik jihatdan samarali holatda saqlash; yoqilgʻining va chiqindilarni qayta ishlashning ekologik jihatdan xavfsiz turlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish; atrof tabiiy muhit monitoringi va gidrogeologik jarayonlarni nazorat qilish tizimlarini yaratish, shuningdek tegishli kadastrlarni yuritgan holda jugʻrofiy-axborot tizimlarini shakllantirish, ular quyidagi asosiy tadbirlarni oʻz ichiga oladi:
Oʻzbekiston Respublikasining biologik rang-baranglikni saqlash boʻyicha Milliy strategiyasini va ishlar rejasini amalga oshirish;
muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni kengaytirish va qoʻriqxonalarni takomillashtirish;
biologik rang-baranglik holatini tadqiq qilish va baholash;
respublikaning ayrim viloyatlarida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash;
Orol dengizining qurib qolgan qismida qumliklarni mustahkamlash;
Oʻzbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringini yuritish;
gidrogeologik jarayonlarni nazorat qilish tizimlarini takomillashtirish;
jugʻrofiy-axborot tizimini shakllantirish va rivojlantirish;
respublika korxonalarida ishlab chiqarishning yangi, ekologik jihatdan toza va kam chiqitli texnologiyalarini joriy etish hamda tabiiy muhitning ifloslanishini qisqartirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
konchilik va boshqa ishlarni amalga oshirish natijasida buzilgan yerlarning unumdorligini oshirish;
drenaj va irrigatsiya infratuzilmalarini rekonstruksiya qilish hamda vetlandlarni qayta tiklash;
maishiy chiqindilarni zararsizlantirish, biogaz olish hamda undan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida foydalanish va shu kabilarning ekologik jihatdan xavfsiz texnologiyasini ishlab chiqish.
2.3. Normativ-huquqiy bazani takomillashtirish hamda ekologik ilm-fanni, aholining ekologik taʼlimi va tarbiyasini rivojlantirish
Dasturning ushbu boʻlimida atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy bazani rivojlantirishga, aholining uzluksiz ekologik taʼlimi, madaniyati va tarbiyasi tizimini takomillashtirishga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining ekologik xaritasi va atlasini yaratishga katta ahamiyat berilmoqda.
Tabiiy muhit va ekologik xavfsizlikni saqlashni taʼminlashning samarali huquqiy mexanizmini, favqulodda ekologik holat va ekologik talafot zonalarini aniqlashni reglamentlashni baholash mezonlarini, ekologik qonun buzilishlari uchun adekvatli javobgarlikni va uning muqarrarligini taʼminlash maqsadida qonuniy qoʻllaniladigan amaliyotni yaratish; Oʻzbekiston Respublikasining huquqiy tizimida xalqaro ekologik standartlar va ekologik sertifikatlarni mustahkamlash; ekologik taʼlim va tarbiya, aholining ekologik madaniyatini oshirish tizimini rivojlantirish va takomillashtirish, jamiyatning turli qatlamlarini ekologik muammolarni, shu jumladan ekologik bilimlarni tahlil qilish vositasi bilan hal etishga keng jalb qilish koʻrsatib oʻtilgan sohadagi asosiy vazifalar hisoblanadi.
Ushbu maqsadlarda quyidagi tadbirlar nazarda tutilmoqda:
“Favqulodda ekologik holat va ekologik talafot zonalari toʻgʻrisida” hamda “Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining yangi qonunlari loyihalarini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun kiritish;
ekologik sertifikatlashtirish tizimida amal qilinadigan hujjatlarni ishlab chiqish;
barqaror rivojlantirish uchun taʼlim boʻyicha BMT EEK strategiyasi talablarini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasining ekologik taʼlim boʻyicha davlat standartiga qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasida uzluksiz ekologik taʼlim va barqaror rivojlanish uchun taʼlim tizimini rivojlantirish va takomillashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi shaharlarida va sanoat zonalarida ekologik-gidrogeologik, muhandislik-geologik tadqiqotlarni hamda (yer osti va yer usti suvlari, tuproq, aeratsiya zonalari) kartografiyasini amalga oshirish;
tabiatni muhofaza qilishning amaldagi qonun hujjatlari normalarini, uni buzganlik uchun sanksiyalar belgilash va materiallarni rasmiylashtirish tartibi boʻyicha oʻquv va tadqiqot tadbirlarini tashkil etish;
Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi huzurida atrof muhit va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish muammolari boʻyicha turli jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat tarkibda jamoatchilik kengashi tashkil etish.
2.4. Xalqaro hamkorlik va mintaqaviy ekologik xavfsizlik
Oʻzbekiston Respublikasining ekologik xavfsizligiga ichki va transgchegaraviy xavf-xatarlarni aniq belgilash, ularni murakkablik va muhimlik darajasiga koʻra tasniflash, amaldagi, shuningdek potensial xalqaro tashabbuslar, dasturlar va loyihalar samaradorligini xatlovdan oʻtkazish va baholash yoʻli bilan “Oʻzbekiston-jahon hamjamiyati” oʻzaro hamkorligi samaradorligini oshirish ushbu yoʻnalishning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Global ekologik va mintaqaviy muammolarni hal etishda qatnashish; xalqaro ekologik tashkilotlarda faol qatnashish; milliy manfaatlarga javob beradigan bir qator xalqaro normalar va ekologik huquqlarni qabul qilish va ratifikatsiya qilish, mintaqaviy ekologik xavfsizlikni taʼminlashda faol qatnashish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini amalga oshirish ushbu sohadagi asosiy ishlar hisoblanadi.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish tegishli xalqaro tashkilotlarda faol qatnashish, xalqaro (davlatlararo) shartnomalar, bitimlar, konvensiyalar tuzish, shu jumladan quyidagilarni:
“Axborotlardan foydalanish, atrof muhitga taalluqli masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish jarayonida, sud ishlarida jamoatchilikning qatnashishi va ulardan foydalanish toʻgʻrisida” BMT EEK Orxus Konvensiyasi (1998-yil)ni;
Biologik rang-baranglik toʻgʻrisidagi Konvensiyaga Bioxavfsizlik Kartaxen Protokolini ratifikatsiya qilish uchun materiallar tayyorlash orqali taʼminlanadi.
Ayni bir vaqtda milliy ekologik xavfsizlikning umumiy tizimida mintaqaviy xavfsizlik ham muhim oʻrin tutadi.
III. Dasturni amalga oshirish mexanizmi
Dastur tadbirlarining bajarilishini boshqarish va nazorat qilish Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi tomonidan muvofiqlashtirilgan holda amalga oshiriladi, qoʻmita quyidagi funksiyalarni bajaradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, shuningdek boshqa aloqador davlat boshqaruv organlari, vazirliklar, idoralar va tashkilotlar Dastur tadbirlarining bajarilishi monitoringini olib borishadi.
mavjud moddiy-texnika resurslari, texnologik quvvatlar va boshqa shunga oʻxshash omillarga muvofiq tadbirlarni aniqlashtiradi va ularga tuzatishlar kiritadi;
dasturiy tadbirlarni amalga oshirish uchun ajratilgan moliyaviy mablagʻlar va moddiy resurslardan foydalanish monitoringini yuritadi;
tadbirlarni amalga oshirish mexanizmini takomillashtirish usullari va shartlari boʻyicha takliflar kiritadi;
Dastur bosqichlari va tadbirlarining oʻz vaqtida bajarilishini va sifatini nazorat qiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga muntazam ravishda hisobot taqdim etadi.
Dastur doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar va loyihalar “Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq majburiy ekologik ekspertizadan oʻtkaziladi.
Dastur tadbirlarini amalga oshirish Vazirlar Mahkamasining barcha masʼul ijrochilar uchun bajarish majburiy boʻlgan qarori asosida roʻyobga chiqariladi.
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 19-sentabrdagi 212-son qaroriga 2-ILOVA
2008—2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish ishlari dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari
Izoh.
tadbirlarni amalga oshirish uchun jami 164,2 mlrd soʻm, 351,3 mln dollar va 450 ming yevro, shu jumladan:
vazirliklar, idoralar va korxonalarning oʻz mablagʻlari — 153,7 mlrd soʻm va 123,7 mln dollar;
Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi mablagʻlari (Davlat tabiatni muhofaza qilish jamgʻarmasi) — 478,5 mln. soʻm;
Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasi mablagʻlari — 10,052 mlrd. sum;
xorijiy investitsiyalar — 227,6 mln. dollar, 450 ming yevro nazarda tutilmoqda;
bundan tashqari, har yili nazarda tutiladigan budjet mablagʻlari.
