3-modda. Asosiy tushunchalar
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida (O‘RQ-174-son) · Sana: 10.09.2008 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa — sugʻurtalangan shaxsning u mehnat shartnomasi (kontrakt) boʻyicha oʻz vazifalarini sugʻurta qildiruvchining hududida yoki undan tashqarida bajarayotganda mehnatda mayib boʻlishiga yoki sogʻligʻining boshqacha tarzda shikastlanishiga olib kelgan va sugʻurtalangan shaxsni boshqa ishga oʻtkazish zaruriyatini keltirib chiqargan, uning kasbga oid mehnat qobiliyatini vaqtincha yoki turgʻun yoʻqotishiga yoxud vafot etishiga sabab boʻlgan hodisa;
kasb kasalligi — sugʻurtalangan shaxsga unga ishlab chiqarishning zararli yoki xavfli omili taʼsiri natijasida uning kasbga oid mehnat qobiliyatini vaqtincha yoki turgʻun yoʻqotishiga sabab boʻlgan oʻtkir yoki surunkali kasallik;
mehnatda mayib boʻlish — ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa oqibatida sugʻurtalangan shaxsning kasbga oid mehnat qobiliyatini vaqtincha yoki turgʻun yoʻqotishi;
sugʻurtalovchi — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi;
sugʻurta badallari — sugʻurta qildiruvchining mehnatga haq toʻlash fondidan sugʻurtalovchiga qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorlarda amalga oshiriladigan ajratmalari;
sugʻurtalangan shaxs — mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida ishlaydigan, sugʻurta qildiruvchi sugʻurtalovchiga shu shartnomaga (kontraktga) muvofiq sugʻurta badallarini toʻlaydigan, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sugʻurtasi qilinishi lozim boʻlgan jismoniy shaxs;
sugʻurta qildiruvchi — jismoniy shaxsni qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat shartnomasi (kontrakt) boʻyicha ishga yollagan yuridik yoki jismoniy shaxs;
sugʻurta hodisasi — sugʻurtalangan shaxsning sogʻligʻiga ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligi oqibatida zarar yetkazilganligi yoki uning vafot etganligi belgilangan tartibda tasdiqlangan fakt boʻlib, u sugʻurta tovoni toʻlovlarini amalga oshirish boʻyicha sugʻurtalovchining majburiyati vujudga kelishiga sabab boʻladi.
