5-modda. Davlat organlarining madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi sohasidagi vakolatlari
Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida (678-I-son) · Sana: 29.08.1998 · Amalda
Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishini davlat tomonidan tartibga solishni Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan tartibda madaniy boyliklar sirasiga kiruvchi ashyolarning toifasini aniqlaydi;
madaniy boyliklarning olib chiqilishi, vaqtincha olib chiqilishi mumkinligi toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
olib chiqilayotgan va olib kirilayotgan, shuningdek vaqtincha olib chiqilayotgan va vaqtincha olib kirilayotgan madaniy boyliklarni roʻyxatga oladi;
olib chiqiladi, vaqtincha olib chiqiladi deb eʼlon qilingan, shuningdek vaqtincha olib chiqilganidan keyin qaytarib olib kelingan madaniy boyliklarni ekspertizadan oʻtkazishni taʼminlaydi;
madaniy boyliklarning olib chiqilishi va vaqtincha olib chiqilishi huquqini beruvchi sertifikatlar beradi;
ushlab qolingan yoki musodara qilingan madaniy boyliklarni tegishli davlat organlaridan qabul qilib oladi, ularni ekspertizadan oʻtkazadi hamda ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi qonunchilikka muvofiq madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi tartibi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Madaniy boyliklarni ekspertizadan oʻtkazish hamda ularning olib chiqilishi va olib kirilishini nazorat qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
