4-modda. Soʻz erkinligini suiisteʼmol qilishga yoʻl qoʻyilmasligi
Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida (283-XII-son) · Sana: 14.06.1991 · Amalda
Ommaviy axborot vositalaridan davlat sirini yoki qonun bilan maxsus saqlanadigan oʻzga sirni ochish, mavjud davlat tuzumi va ijtimoiy tuzumni zoʻrlik bilan agʻdarib tashlashga yoki oʻzgartirishga daʼvat qilish, urushni, zoʻravonlik, shafqatsizlikni, irqiy, milliy, diniy ustunlikni targʻib etish, sharmsiz suratlar tarqatish uchun, jinoiy javobgarlikka sabab boʻladigan boshqa xatti-harakatlarni qilish maqsadida foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Fuqarolarning shaxsiy hayotiga oʻzlarining ruxsatisiz aralashish, ularning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlash uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanish taqiqlanadi hamda qonunga muvofiq jazolanadi.
Prokuror yoki tergovchining yozma ruxsatisiz dastlabki tergov materiallarini eʼlon etish, nomini koʻrsatmaslik sharti bilan maʼlumot bergan shaxsni aytish (sud oshkor etishni talab qiladigan hollar bundan mustasnodir), balogʻatga yetmagan qonunbuzarning shaxsini uning roziligisiz yoki uning qonuniy vakili roziligisiz oshkor qilish, muayyan ish boʻyicha sud qarori chiqmasdan turib shu ishni sudda koʻrib chiqish natijalarini oldindan aytish yoki oʻzgacha yoʻl bilan sudga uning qarori yo hukmi qonuniy kuchga kirmay turib taʼsir koʻrsatish man etiladi.
