80-modda. Undiruvlar navbati
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida (258-II-son) · Sana: 29.08.2001 · Amalda
Birinchi navbatda: budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlovlar boʻyicha talablar; mehnatga oid munosabatlardan kelib chiqadigan talablar; alimentlar undirish boʻyicha talablar; mualliflik shartnomalari boʻyicha haqlarni toʻlash boʻyicha talablar; hayotga yoki sogʻliqqa yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha talablar; advokatlar tomonidan koʻrsatilgan yuridik yordam haqini toʻlash boʻyicha talablar qanoatlantiriladi.
Ikkinchi navbatda: ijtimoiy sugʻurta boʻyicha talablar; jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik oqibatida jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha talablar qanoatlantiriladi.
Uchinchi navbatda majburiy sugʻurta organlarining talablari qanoatlantiriladi.
Toʻrtinchi navbatda kreditorlarning mol-mulk bilan taʼminlangan talablari qanoatlantiriladi.
Beshinchi navbatda kreditorlarning mol-mulk bilan taʼminlanmagan talablari qanoatlantiriladi.
Oltinchi navbatda qolgan barcha talablar qanoatlantiriladi.
Qarzdorga bir necha talablar (ijro hujjatlari) boʻyicha solingan ijro yigʻimlari ushbu moddaning birinchi — oltinchi qismlarida belgilangan tegishli talabni qanoatlantirish uchun moʻljallangan ketma-ketlikka muvofiq undiriladi. Bunda qarzdorga nomulkiy xususiyatdagi ijro hujjatlari boʻyicha solingan ijro yigʻimlari, shuningdek qonunda belgilangan muddatda realizatsiya qilinmagan mol-mulk mulkiy xususiyatdagi ijro hujjatlari boʻyicha undiruvchiga oʻtkazilgan hollarda birinchi navbatdagi talablarga tenglashtiriladi.
