69-modda. Undiruv qaratilishi mumkin boʻlmagan summalar
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida (258-II-son) · Sana: 29.08.2001 · Amalda
Undiruv quyidagi pul summalariga qaratilishi mumkin emas:
mayib boʻlganlik yoki sogʻliqqa boshqacha tarzda shikast yetganlik, shuningdek boquvchisining vafot etganligi sababli koʻrilgan zararni toʻlash summalariga;
xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida mayib boʻlgan (yaralangan, shikastlangan, kontuziyaga uchragan) shaxslarga va mazkur shaxslar halok boʻlgan (vafot etgan) taqdirda ularning oila aʼzolariga toʻlanadigan summalarga;
bola tugʻilganligi munosabati bilan toʻlanadigan summalarga;
aliment majburiyatlari boʻyicha toʻlanadigan summalarga;
mehnat sharoiti noqulay va oʻziga xos boʻlgan ishlar uchun toʻlanadigan summalarga, shuningdek radiatsiya taʼsiriga uchragan shaxslarga va qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda toʻlanadigan summalarga;
homiladorlik va tugʻish boʻyicha toʻlanadigan nafaqa summalariga;
dafn etish marosimi uchun beriladigan nafaqa summalariga;
qisman haq toʻlanadigan taʼtil davrida bolani parvarishlash uchun toʻlanadigan summalarga;
bola tugʻilishi, qarindoshlar vafot etishi, nikoh tuzish munosabati bilan korxona, muassasa yoki tashkilot tomonidan toʻlanadigan summalarga;
xizmat safari, boshqa joyga ishga oʻtkazilganligi, qabul qilinganligi yoki yuborilganligi munosabati bilan toʻlanadigan summalarga;
mehnatga oid munosabatlar bekor qilinganda ishdan boʻshatish nafaqasi tariqasida toʻlanadigan summalarga.
