56-modda. Xatlangan mol-mulkni realizatsiya qilish
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida (258-II-son) · Sana: 29.08.2001 · Amalda
Qarzdorning xatlangan mol-mulkini realizatsiya qilish, agar qonunchilikda boshqacha hol nazarda tutilgan boʻlmasa, xatlash asoslari va mol-mulk turlaridan qatʼi nazar, xatlangan kundan eʼtiboran ikki oy ichida uni sotish orqali amalga oshiriladi, qonunga muvofiq muomaladan chiqarilgan mol-mulk bundan mustasno.
Qarzdorning mol-mulkini realizatsiya qilish shartnoma-vositachilik asoslarida yoxud elektron onlayn-auksionlarda amalga oshiriladi, ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan hollar bundan mustasno.
Avtomototransport vositalarini, koʻchmas mulkni, shu jumladan yer uchastkasini, qurilishi tugallanmagan obyektlarni, koʻchmas mulkni uzoq muddatli ijaraga olish huquqlarini, yer uchastkasiga nisbatan mulkiy huquqlarni, intellektual faoliyat natijalariga va xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalarga boʻlgan mulkiy huquqlarni realizatsiya qilish qonunchilikda belgilangan tartibda vakolatli operator tomonidan elektron onlayn-auksionlarda amalga oshiriladi.
Mol-mulkni shartnoma-vositachilik asoslarida realizatsiya qiladigan savdo tashkilotlarini tanlash Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan belgilangan tartibda oʻtkaziladigan tanlov asosida amalga oshiriladi.
Agar savdo tashkilotlariga realizatsiya qilish uchun topshirilgan mol-mulk u topshirilgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida realizatsiya qilinmasa, mazkur mol-mulk davlat ijrochisi tomonidan quyidagi tartibda arzonlashtirilishi kerak:
davlat soliq xizmati organi va moliya organi vakillari ishtirokida mol-mulk qiymatining 10 foizidan oshmagan miqdorda — davlat daromadiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha;
mol-mulk qiymatining 10 foizi miqdorida — boshqa ijro hujjatlari boʻyicha.
Mol-mulk arzonlashtirilganda davlat ijrochisi belgilangan tartibda dalolatnoma tuzadi, shundan soʻng arzonlashtirilgan mol-mulk savdo tashkilotlariga takroran realizatsiya qilish uchun topshiriladi. Qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida turgan mol-mulkni ushbu mol-mulk bilan taʼminlangan qarzni undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjatlari boʻyicha realizatsiya qilish chogʻida mol-mulkni arzonlashtirish amalga oshirilmaydi va ushbu mol-mulk birinchi marta baholangan narx boʻyicha savdo tashkiloti tomonidan qayta realizatsiya qilish uchun topshiriladi.
Mol-mulk takroriy elektron onlayn-auksionlarda realizatsiya qilinmaganligi munosabati bilan vakolatli operator tomonidan qaytarilgan taqdirda yoki takroran realizatsiya qilish uchun savdo tashkilotlariga topshirilgan boshqa mol-mulk oʻttiz kun mobaynida realizatsiya qilinmagan taqdirda, u mol-mulk narxining 10 foiziga arzonlashtirilgan narxda undiruvchiga taklif qilinadi, davlat daromadiga ijro hujjatlari boʻyicha undirish qaratilgan mol-mulk esa ushbu moddada belgilangan tartibda yana arzonlashtirilishi va realizatsiya qilishga topshirilishi lozim. Qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida turgan mol-mulk ushbu mol-mulk bilan taʼminlangan qarzni undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjatlari boʻyicha realizatsiya qilinmagan taqdirda, davlat ijrochisi undiruvchiga mol-mulkni takroriy auksion savdolaridagi yoki savdo tashkilotlari tomonidan qayta realizatsiya qilish chogʻidagi boshlangʻich sotish narxidan 25 foiz kamroq summada baholangan holda oʻzida qoldirishni taklif qiladi.
