37-modda. Ijro ishi yuritishni tugatish asoslari
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida (258-II-son) · Sana: 29.08.2001 · Amalda
Ijro ishi yuritish quyidagi hollarda sud tomonidan tugatiladi:
1) undiruvchi yoki qarzdor vafot etganda, u vafot etgan deb eʼlon qilinganda, bedarak yoʻqolgan deb topilganda, agar sud hujjati yoxud boshqa organning hujjatida qoʻyilgan talablar yoki majburiyatlar huquqiy vorisga yoki bedarak yoʻqolganning mol-mulkini ishonchli boshqarib turgan shaxsga oʻtishi mumkin boʻlmasa;
2) muayyan harakatlarni amalga oshirish yoxud bunday harakatlarni amalga oshirishdan oʻzini tiyish majburiyatini yuklovchi ijro hujjatini ijro etish imkoniyati yoʻqolganda.
Ijro ishi yuritish quyidagi hollarda davlat ijrochisi tomonidan tugatiladi:
1) undiruvchi undiruvdan voz kechganda, agar voz kechish sud tomonidan qabul qilingan boʻlsa;
2) undiruvchi va qarzdor oʻrtasida sud tomonidan tasdiqlangan kelishuv bitimi tuzilganda;
21) undiruvchi va qarzdor oʻrtasida mediativ kelishuv tuzilganda;
3) jarima tariqasidagi jinoiy jazoni boshqa jazo turiga almashtirish yoxud jarima tariqasidagi jinoiy jazodan amnistiya aktiga asosan ozod qilish toʻgʻrisida sud tomonidan ajrim chiqarilganda;
4) ijro hujjatini berishga asos boʻlgan sud hujjati yoki boshqa organning hujjati bekor qilinganda yoxud qonunga koʻra ijro hujjati boʻlgan hujjat bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda.
