3-modda
Turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisida · Sana: 17.03.2008 · Amalda
Tomonlar oʻzlarining turizm sohasiga oid boʻlgan idoralari va boshqa manfaatdor tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun tashqi va ichki turizmning barcha tarmoqlarida, hamda sohalarida olib borilayotgan tadbirlar, turizmni rivojlantirishga doir jarayonlar boʻyicha oʻzaro tajriba almashish ishlarini olib boradilar. Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasida turistlar almashinuvi jarayonini jadallashtirish maqsadida hamkorlik qiladilar, jumladan:
(a) mamlakatlarda olib borilayotgan turizm sohasidagi tadbirlar hamda turizmning turli yoʻnalishlarini rivojlantirishga oid jarayonlar yuzasidan oʻzaro tajriba almashish;
(b) turizm sohasiga oid nashriyotlar bilan oʻzaro almashish;
(v) ikki mamlakat hududida oʻzaro koʻrgazmalar, film namoyishlari, simpozium va seminarlar oʻtkazish imkoniyatlarini oʻrganish;
(g) har ikki mamlakatda mehmonxonalar va boshqa turizm muassasalarini qurish hamda ulardan foydalanish sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlarini oʻrganish va shu sohadagi oʻzaro hamkorlikni ragʻbatlantirish;
(d) madaniyat va turizm festivallarini tashkil etish imkoniyatlarini oʻrganish, folklor va havaskor jamoalar gastrollarini tashkil etish va oʻtkazish.
