4-modda. Soliq yuzasidan imtiyozlar — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan, ajnabiy fuqarolardan va fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻgʻrisida (227-XII-son)
4-modda. Soliq yuzasidan imtiyozlar
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan, ajnabiy fuqarolardan va fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻgʻrisida (227-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Quyidagilar soliq toʻlashdan butunlay ozod qilinadi:
a) asosiy ish (xizmat, oʻqish) joyida soliq solinadigan va Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan yillik soliq solinmaydigan minimumdan oshib ketmaydigan ish haqi va boshqa turdagi pul mukofoti oladigan ishchilar, xizmatchilar va boshqa fuqarolar;
b) fan, adabiyot va sanʼat asarlari, intellektual mulk obyektlarini yaratganlik, nashr qilganlik, ijro etganlik yoki ulardan boshqacha tarzda foydalanganlik uchun mualliflik haqi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan soliq solinmaydigan minimumdan oshmaydigan fuqarolar, agar ularning asosiy ish joyi boʻlmasa;
v) tadbirkorlik va yakka tartibdagi mehnat faoliyatining, dehqon (fermer) xoʻjaligining barcha turlaridan, shuningdek tadbirkorlik subyektlaridan oladigan daromadlari yiliga Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan soliq solinmaydigan minimumdan oshmaydigan fuqarolar, agar ularning asosiy ish joyi boʻlmasa;
g) dehqon xoʻjaligining aʼzolari, dehqon xoʻjaligi tashkil etilgan (roʻyxatdan oʻtgan) yildan boshlab ikki yil davomida — mazkur xoʻjalikdan oladigan daromadlari yuzasidan;
e) muddatli haqiqiy harbiy xizmatdagi harbiy xizmatchilar va oʻquv yoki tekshiruv mashqlariga chaqirilgan harbiy xizmat yoshidagi kishilar — xizmat joyidan yoki oʻquv yoxud tekshiruv mashqlarida boʻlgan vaqt uchun oladigan maosh, sutkalik pul va boshqa mablagʻlar yuzasidan;
j) bojxona xizmatining oddiylar va boshliqlar tarkibidan boʻlgan shaxslar — oʻz xizmat vazifalarini bajarishlari munosabati bilan oladigan barcha toʻlovlar boʻyicha;
2. Quyidagilar soliq solinmaydigan minimumning toʻrt baravari miqdorida oladigan barcha daromadlari boʻyicha soliq toʻlashdan ozod qilinadilar:
a) Sovet Ittifoqi Qahramonlari, Shuhrat ordenining uchala darajasi bilan mukofotlangan kishilar, Ulugʻ Vatan urushining nogironlari yoki SSSRni himoya qilish chogʻida yoxud harbiy xizmatning boshqa xil vazifalarini bajarish chogʻida yarador boʻlish, kontuziya boʻlish yoki shikastlanish natijasida yohud frontda boʻlish bilan bogʻliq kasalliklar natijasida nogiron boʻlib qolgan harbiy xizmatchilar, sobiq partizanlar jumlasidan boʻlgan nogironlar, shuningdek pensiya taʼminoti jihatdan harbiy xizmatchilarning mazkur toifalariga tenglashtirilgan boshqa nogironlar — oladigan barcha daromadlari yuzasidan;
b) Grajdanlar urushi va Ulugʻ Vatan urushi, SSSRni himoya qilish boʻyicha boshqa jangavor operatsiyalarning qatnashchilari boʻlgan va harakatdagi armiya tarkibiga kirgan harbiy qismlar, shtablar va muassasalarda xizmatni oʻtagan harbiy xizmatchilar hamda sobiq partizanlar, Ulugʻ Vatan urushi davridagi mehnat frontining veteranlari va bolaligida konsentratsion lagerlarning tutqunlari boʻlganlar oladigan barcha daromadlari yuzasidan;
v) ichki ishlar organlarining boshliqlari va oddiy xizmatchilari safidan boʻlgan, xizmat vazifasini bajarish chogʻida yarador boʻlganlik, kontuziya boʻlganlik yoki jarohatlanganlik tufayli nogiron boʻlib qolgan kishilar — oladigan barcha daromadlari yuzasidan;
g) bolalikdan nogironlar, shuningdek koʻrish qobiliyatiga koʻra I va II guruh nogironlari oladigan barcha daromadlari yuzasidan;
d) qahramon onalar, oʻn va undan ortiq bolalari boʻlgan ayollar oladigan barcha daromadlari yuzasidan;
e) Ulugʻ Vatan urushi yillarida Leningrad shahri qamal qilingan davrda shaharda 1941-yilning 8-sentabridan 1944-yilning 27-yanvarigacha ishlagan fuqarolar oladigan barcha daromadlari yuzasidan;
j) SSSRni himoya qilish yoki harbiy xizmatning boshqa majburiyatlarini ijro etish chogʻida yarador boʻlganlik, kontuziya olganlik yoki jarohatlanganlik natijasida, yohud frontda, boʻlganlik bilan bogʻliq kasalliklar natijasida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning ota-onalari va rafiqalari oladigan barcha daromadlari yuzasidan;
z) Afgʻoniston Respublikasida va jangovar harakatlar olib borilgan boshqa mamlakatlarda vaqtincha boʻlgan sovet qoʻshinlarining cheklangan qismi tarkibida xizmatni oʻtagan harbiy xizmat yoshidagi harbiy xizmatchilar oladigan barcha daromadlari yuzasidan;
i) studentlar qurilish otryadlari shtablarining ishonch qogʻoziga asosan tuzilgan shartnomalar boʻyicha bajarilgan ishlardan olingan daromadlar yuzasidan studentlar mehnat otryadlarining aʼzolari;
k) korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va oʻquv yurtlari tomonidan qishloq xoʻjaligi ishlarini bajarishga yuborilgan fuqarolar shu ishlarini bajarganlik uchun olinadigan daromadlar yuzasidan.
l) Chernobil falokati oqibatida jafo chekkan fuqarolar — oladigan barcha daromadlari yuzasidan, shu jumladan:
Chernobil atom elektr stansiyasidagi falokat oqibatida nurlanish kasalligi bilan ogʻrigan va bunday kasallikni boshidan kechirgan fuqarolar, shuningdek nogironlikning kelib chiqish sababi Chernobil falokati bilan bogʻliq ekanligi aniqlangan nogironlar, chunonchi:
Chernobil atom elektr stansiyasida ajratib qoʻyilgan tegra doirasida falokat oqibatlarini bartaraf qilishda ishtirok etgan shaxslar (yoʻllanma yoki xizmat safari bilan vaqtincha yuborilganlar ham shular sirasiga kiradi) yoki stansiyani ishlatishda yoxud boshqa ishlarda band boʻlgan shaxslar;
ichki ishlar idoralarining xizmatni ajratib qoʻyilgan tegrada oʻtagan (oʻtayotgan) rahbar va oddiy xodimlari jumlasidan boʻlgan shaxslar;
harbiy xizmatchilar — ofitserlar, praporshchiklar, michmanlar, SSSR Qurolli Kuchlarida, SSSR Davlat xavfsizligi qoʻmitasining qoʻshinlari va idoralarida, ichki qoʻshinlar va temir yoʻl qoʻshinlarida hamda boshqa harbiy tuzilmalarda muddatdan tashqari xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilar, ayol harbiy xizmatchilar, haqiqiy muddatli xizmatni oʻtayotgan serjantlar va oddiy askarlar, shuningdek maxsus yigʻinlarga chaqirilgan va ajratib qoʻyilgan tegrada mazkur falokat oqibatlarini tugatish bilan bogʻliq ishlarni bajarishga jalb etilgan harbiy xizmatni oʻtashga majbur shaxslar;
1986-yilda ajratib qoʻyilgan tegradan koʻchirilgan (ixtiyoriy ravishda koʻchib ketgan), shuningdek 1986-yil 26-apreldan eʼtiboran koʻchirib yuborilgan tegrada hamda koʻchirib yuborish huquqi saqlab qolingan tegrada yashab turgan (yashagan) shaxslar;
1986-1987-yillarda ajratib qoʻyilgan tegrada Chernobil atom elektr stansiyasidagi falokat oqibatlarini tugatish ishlarida qatnashgan yoki shu davrda Chernobil atom elektr stansiyasini ishlatishda yoxud boshqa ishlarda band boʻlgan shaxslar (shu jumladan yoʻllanma yoki xizmat safari bilan vaqtincha yuborilgan shaxslar);
qayerda joylashganligi va qanaqa ish bajarganligidan qatʼi nazar, ushbu kichik bandning beshinchi xatboshisida sanab oʻtilgan harbiy xizmatchilar hamda maxsus yigʻinlarga chaqirilib, 1986-1987-yillarda mazkur falokat oqibatlarini tugatish bilan bogʻliq ishlarni bajarishga jalb etilgan harbiy xizmatni oʻtashga majbur shaxslar;
ichki ishlar idoralarining 1986-1987-yillarda ajratib qoʻyilgan tegralarda xizmatni oʻtagan boshliqlari va oddiy askarlari jumlasidan boʻlgan shaxslar;
m) qishloq joylarda yashaydigan, xoʻjaligi qishloq xoʻjalik soligʻi yoki yer soligʻi toʻlashdan ozod etilgan, 60 yoshga toʻlgan erkaklar yoki 55 yoshga toʻlgan ayollar — xoh yakka tartibda, xoh tadbirkorlar jamoasi tarkibida amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyatidan keladigan daromadlar yuzasidan.
3. Soliq miqdori quyidagilarga kamaytiriladi:
a) ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan nogironlardan tashqari I va II guruh nogironlari, ular oladigan barcha daromadlari boʻyicha soliqning 50 foiziga;
b) muddatidan ortiq xizmatdagi ofitserlar, praporshiklar, michmanlar va harbiy xizmatchilarga, shuningdek ichki ishlar organlarining oddiy xizmatchi va boshliqlari safidan boʻlgan kishilar, SSSR Vazirlar Kabineti belgilaydigan tartib va miqdorda beriladigan maoshiga;
v) 16 yoshgacha boʻlgan ikki va undan ortiq bolali yolgʻiz onalar — ular oladigan barcha daromadlar boʻyicha soliqning 30 foiziga;
g) 16 yoshgacha boʻlgan ikki va undan ortiq bolali hamda boquvchisidan marhum boʻlganligi uchun pensiya olmayotgan ayol va erkak bevalar, ular oladigan daromadlar boʻyicha soliqning 30 foiziga;
d) bolalikdan nogiron boʻlib qolgan va doimiy parvarishni talab qiladigan farzandini tarbiyalovchi ota-onadan biri, u oladigan barcha daromadlar boʻyicha soliqning 30 foiziga.
4. Fuqaro bir necha asosga koʻra soliq boʻyicha imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega boʻlsa, unga ana shu imtiyozlarning miqdor jihatdan koʻproq yengillik beradiganidan foydalanish huquqi beriladi.
5. Xalq deputatlari mahalliy Sovetlarining ijroiya qoʻmitalari ayrim soliq toʻlovchilarning moddiy ahvolini hisobga olib, ularni daromad soligʻidan ozod qilish, shuningdek, ayrim soliq toʻlovchilar uchun soliq miqdorini kamaytirish huquqiga egadirlar.
6. Qonunning ushbu moddasida sanab oʻtilgan fuqarolarning imtiyozlarga boʻlgan huquqi hujjatlar bilan belgilangan tartibda tasdiqlanadi, bu hujjatlarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Fuqarolarning imtiyozlarga boʻlgan huquqi tegishli hujjatlar taqdim etilgan paytdan boshlab yuzaga keladi.
7. Quyidagilar ham daromad soligʻi toʻlashdan batamom ozod qilinadilar:
a) xorijiy davlat diplomatiya vakolatxonalarining diplomatlik va konsullik darajalariga ega boʻlgan boshliqlari va aʼzolari, ularning oʻzlari bilan birga yashayotgan oila aʼzolari, agar ular Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari boʻlmasalar, Oʻzbekiston Respublikasida diplomatiya va konsullik xizmati bilan bogʻliq boʻlmagan manbalardan chiqarib olinayotgan daromadlardan tashqari barcha daromadlar boʻyicha;
b) xorijiy davlatlar diplomatiya vakolatxonalarining maʼmuriy-texnikaviy xodimlari va ularning oʻzlari bilan birga yashayotgan oila aʼzolari, agar ular Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari boʻlmasalar yoki Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamasalar — Oʻzbekiston Respublikasida boʻlgan hamda diplomatiya va konsullik xizmati bilan bogʻliq boʻlmagan manbalardan chiqarib olinayotgan daromadlardan tashqari barcha daromadlar boʻyicha;
v) mazkur vakolatxonalar xizmatchi xodimlari tarkibiga kiradigan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari boʻlmagan yoki Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamaydigan shaxslar — oʻz xizmatlari yuzasidan olgan barcha daromadlari boʻyicha;
g) xorijiy davlatlar diplomatiya vakolatxonalari xodimlarining u xizmatchilari, agar ular Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari boʻlmasalar yoki Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamasalar — oʻz xizmatlari yuzasidan olgan daromadlarning barcha turlari boʻyicha;
d) xalqaro nohukumat tashkilotlarining mansabdor shaxslari ushbu tashkilotlarda olgan daromadlari boʻyicha.
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: 4-modda. Soliq yuzasidan imtiyozlar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan, ajnabiy fuqarolardan va fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻgʻrisida (227-XII-son). neolex.uz/uz/laws/law-138784/4 (lex.uz/docs/-138770)