25-modda. Fuqarolar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning javobgarligi
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan, ajnabiy fuqarolardan va fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻgʻrisida (227-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Soliq solinadigan daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani oʻz vaqtida taqdim etmagan soliq toʻlovchilarga soliq idoralari oldingi hisobot yilida toʻlangan soliqning 150 foizi miqdorida yoki soliq idorasi ega boʻlgan daromadlar toʻgʻrisidagi maʼlumot asosida shartli ravishda hisoblab chiqilgan miqdorda soliq toʻlash toʻgʻrisida toʻlov xabarnomasi yuboriladi. Mazkur hujjatlar taqdim etilgach va ular tekshirib koʻrilgandan keyin soliq miqdori haqiqatdan olingan daromadga qarab toʻlanadigan soliqning 10 foizi ushlab qolinib, qaytadan hisob-kitob qilinadi.
Yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shugʻullanish tartibini buzishda aybdor boʻlgan yoki maxsus ravishda taqiqlab qoʻyilgan yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan fuqarolar, shuningdek, daromadlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etmaslik yoki oʻz vaqtida taqdim etmaslikda yoxud deklaratsiyaga notoʻgʻri maʼlumotlarni kiritishda, soliq solish maqsadlari uchun zarur boʻlgan daromadlar va xarajatlarning tegishli hisob-kitobi boʻlmaganligida aybdor boʻlgan fuqarolar soliq idoralarining rahbarlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan miqdorlarda jarima solish tarzidagi maʼmuriy javobgarlikka tortiladilar.
2. Soliq solinishi lozim boʻlgan amalda olingan daromadlarni yashirganlik (kamaytirib koʻrsatganlik) uchun daromadning yashirilgan (kamaytirilgan) qismi miqdorida jarima solinadi, qonunni takroriy buzgan taqdirda esa ikki hissa miqdorida jarima solinadi.
Erkin almashtiriladigan valyutada olingan daromadlarni yashirish daromad miqdorini SSSR Davlat bankining maxsus kursi bilan ikki hissa miqdorida qayta hisoblab chiqishga sabab boʻladi.
Ana shu pul soliq idoralarining mansabdor shaxslari protokol tuzgan kundan boshlab 10 kun muddat ichida budjetga oʻtkaziladi. Ana shu pulni toʻlashdan bosh tortilgan taqdirda u muddatida toʻlanmagan soliqlarni va soliqdan tashqari toʻlovlarni undirib olish toʻgʻrisidagi Nizomda belgilab qoʻyilgan tartibda undirib olinadi.
3. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning daromad soligʻi miqdorini toʻla hajmda oʻz vaqtida ushlab qolmaganlik va budjetga oʻtkazmaganlikda, fuqarolarning daromadlarini yashirishda (kamaytirib koʻrsatishda), buxgalteriya hisobotini olib bormaganlik yoki bunday hisobotni belgilangan tartibni buzgan holda olib borganlik, soliqni hisoblab chiqish va toʻlash bilan bogʻliq hujjatlarni oʻz vaqtida taqdim etmaganlik, umuman taqdim etmaganlik yoki belgilangan shaklda taqdim etmaganlikda aybdor boʻlgan mansabdor shaxslari soliq idoralarining rahbarlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan miqdorlarda jarima solish tarzidagi maʼmuriy javobgarlikka tortiladilar.
