23-modda. Fuqarolar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning vazifalari
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan, ajnabiy fuqarolardan va fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻgʻrisida (227-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Ushbu Qonunga muvofiq soliq solinadigan fuqarolar:
a) soliq idoralariga ushbu Qonunda koʻzda tutilgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilab beradigan shakllarda daromadlar va xarajatlar toʻgʻrisidagi deklaratsiya, deklaratsiyada koʻrsatilgan maʼlumotlar toʻgʻriligini tasdiqlovchi boshqa zarur hujjatlar va maʼlumotlar taqdim etishi, shuningdek soliq solinadigan daromadlarni va ana shu daromadlarni olish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni hisobga olib borishi;
b) soliq imtiyozlari huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlarni koʻrsatishi, tegishli hollarda esa bunday hujjatlarni taqdim etishi;
v) soliq idoralari taqdim etgan soliq miqdorini budjetga oʻz vaqtida va toʻla miqdorda toʻlashi;
g) daromad olish uchun foydalanilayotgan binolarga soliq idoralarining mansabdor shaxslarini kiritishi shart.
2. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar:
a) ishchilar va xizmatchilar ish haqidan olinadigan soliqlar miqdorini hamda toʻlov manbai soliq solinadigan boshqa daromadlarni oʻz vaqtida va toʻgʻri hisoblab berish, ushlab qolish va budjetga oʻtkazishlari;
b) soliq idoralari tomonidan soliq solinishi lozim boʻlib, oʻzlari fuqarolarga toʻlagan daromadlar haqidagi maʼlumotlarni soliq idoralariga oʻz vaqtida taqdim etishlari shart.
3. Tashqi iqtisodiy bitimlar tuzish chogʻida daromadni toʻlaydigan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar ajnabiy jismoniy shaxslar oʻrniga soliq toʻlash xarajatlarini qoplash majburiyatlarini oʻz zimmasiga olishi haqidagi soliq shartlari kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
