18-modda. Soliqni hisoblab chiqish va toʻlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan, ajnabiy fuqarolardan va fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan olinadigan daromad soligʻi toʻgʻrisida (227-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Ushbu Qonunning 17-moddasida koʻrsatilgan fuqarolar mustaqil ravishda yil davomida qishloq xoʻjalik mahsulotlarini sotishdan yoki xizmat koʻrsatishdan tushum olingan oydan keyin keladigan oyning 10-kuniga qadar budjetga oylik daromadning 10 foizi miqdorida soliq toʻlab boradilar. Soliq dehqon xoʻjaligi aʼzolarining topshirigʻiga muvofiq ulardan biri tomonidan tushumning jami miqdori hisobidan toʻlanadi.
Bir yillik soliqning uzil-kesil miqdorini kelgusi yilning 1-martiga qadar taqdim etiladigan yil davomida olingan haqiqiy daromad haqidagi deklaratsiya asosida soliq idorasi belgilaydi. Bunda dehqon xoʻjaligi har bir aʼzosining soliq solinadigan yillik daromadi miqdori ular oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq aniqlanib, bu haqda deklaratsiyada uqtirib oʻtiladi.
Soliqning kamini toʻlash, binobarin tegishli hollarda yil davomida ortiqcha toʻlangan soliqni qaytarib berish kelgusi yilning 1-aprelidan kechiktirilmaydi.
2. Dehqon xoʻjaligida oʻz mehnatidan foydalanish haqida shartnoma tuzgan fuqarolardan daromad soligʻi shartnoma tuzgan dehqon xoʻjaligi aʼzosi tomonidan ana shu fuqarolarga ish haqini toʻlash chogʻida ushlab qolinadi. Soliq mazkur Qonunning 8-moddasi 1-bandidagi stavkalar boʻyicha ushlab qolinadi. Soliqlarni budjetga oʻtkazish oylik tushumdan avans soliq toʻlashning navbatdagi muddati boshlangan paytda amalga oshiriladi.
