Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzganligi uchun sugʻurtalovchilarga jarima sanksiyalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (1842-son)
15.08.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASI Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 15-avgustda 1842-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-maydagi PQ-872-sonli “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 20-21-son, 172-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilamiz:
1. Ilova qilinayotgan Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun sugʻurtalovchilarga jarima sanksiyalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtgan kundan boshlab oʻn kundan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 11-iyul,
77-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 11-iyul,
2008-33-son
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULAShOV
Toshkent sh.,
2008-yil 26-iyun,
13-son
Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining 2008-yil 11-iyuldagi 77, 2008-33-son, 2008-yil 26-iyundagi 13-son qarori bilan TASDIQLANGAN
Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzganligi uchun sugʻurtalovchilarga jarima sanksiyalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi
nizom
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-maydagi PQ-872-sonli “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 20-21-son, 172-modda) muvofiq, sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini, oʻrnatilgan iqtisodiy normativlarni, shu jumladan, toʻlov qobiliyati normativlarini buzganligi (bundan buyon matnda sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzish deb yuritiladi) uchun sugʻurtalovchilarga jarima sanksiyalarini qoʻllash tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomga muvofiq sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzganligi uchun sugʻurtalovchilarga jarima sanksiyalarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorlar sugʻurta faoliyatini tartibga soluvchi va nazorat qiluvchi maxsus vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi (bundan buyon matnda Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi deb yuritiladi) tomonidan qabul qilinadi.
2. Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari, sugʻurtalovchilar tomonidan buzilganligi uchun ularga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,1 foiz miqdorigacha jarima solinadi.
Jarima sanksiyalarining summalari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga oʻtkaziladi.
3. Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarining buzganlik uchun umumiy yigʻindisi boʻyicha sugʻurtalovchiga solinadigan jarimalarning jami summasi sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 1,0 foizidan ortiq boʻlmasligi lozim.
4. Jarima sanksiyasining summasi toʻlanishi sugʻurtalovchini sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzganligi uchun javobgarlikdan ozod qilmaydi.
II. Toʻlov qobiliyati normativlarini buzganligi uchun sugʻurtalovchilarga qoʻllaniladigan jarima sanksiyalari
6. Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan sugʻurtalovchilarning alohida tavakkalchiliklar boʻyicha majburiyatlarining yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp miqdori yoki majburiyatlari jamining yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp miqdoriga oid talablarga rioya qilinmagan taqdirda, sugʻurtalovchiga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,07 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan kamchilik bir yil davomida takrorlangan taqdirda, sugʻurtalovchiga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,1 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
III. Sugʻurtalovchilar aktivlarini joylashtirishga oid talablarga rioya qilinmaganligi uchun sugʻurtalovchilarga qoʻllaniladigan jarima sanksiyalari
7. Sugʻurtalovchi tomonidan bogʻliq shaxslarga imtiyozli shartlar taqdim etilgan, sugʻurtalovchi aktivlarini sugʻurtalovchining dastlabki ikki yillik faoliyati davomida bogʻliq shaxslarda joylashtirgan, shuningdek sugʻurtalovchi aktivlarini:
intellektual mulkka qoʻyilmalar (dasturiy taʼminot, maʼlumotlar bazasi, adabiyot, firma nomlari va tovar belgilarini xarid qilish bundan mustasno);
sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslar bilan qarz shartnomasini tuzish (moliyaviy yordam berish), yoʻli bilan joylashtirgan taqdirda, —
sugʻurtalovchiga har bir kamchilik uchun sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,1 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
8. Quyidagi hollarda, agarda:
sugʻurtalovchi tomonidan berilgan qarzlarning umumiy summasi sugʻurtalovchining ustav kapitalining 10 foizidan oshgan;
sugʻurtalovchi oʻz mablagʻlari manbalari summasining 30 foizidan oshgan hajmdagi qarzlarni (moliyaviy yordamni) bu haqda Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligini xabardor etmay olgan;
sugʻurtalovchi tomonidan bitta bogʻliq shaxsda joylashtirilgan aktivlarning summasi sugʻurtalovchi ustav kapitalining 15 foizidan oshgan (sugʻurta faoliyati, sugʻurta faoliyatini taʼminlashga yoʻnaltirilgan faoliyatni, shuningdek mulk huquqi asosida sugʻurtalovchiga tegishli boʻlgan xizmat binolaridan foydalanish boʻyicha faoliyatni amalga oshiradigan shuʼba korxonalar (shoʻba xoʻjalik jamiyatlari) va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno);
sugʻurtalovchi tomonidan barcha bogʻliq shaxslarda joylashtirilgan aktivlarning umumiy summasi sugʻurtalovchi ustav kapitalining 100 foizidan oshgan (sugʻurta faoliyati, sugʻurta faoliyatini taʼminlashga yoʻnaltirilgan faoliyatni, shuningdek mulk huquqi asosida sugʻurtalovchiga tegishli boʻlgan xizmat binolaridan foydalanish boʻyicha faoliyatni amalga oshiradigan shuʼba korxonalar (shuʼba xoʻjalik jamiyatlari) va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno);
xususiy mulk yoki unga boʻlgan huquq garovga berilganda, kafolat berilganda yoxud balansda aks etmagan boshqa majburiyat qabul qilinganda, sugʻurtalovchi besh kunlik muddatda Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligini yozma ravishda xabardor qilmagan taqdirda,—
sugʻurtalovchiga har bir kamchilik uchun sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,07 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
Mazkur bandning ikkinchi — oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan kamchiliklar bir yil davomida takrorlangan taqdirda, sugʻurtalovchiga har bir takroriy kamchilik uchun sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,1 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
9. Quyidagi hollarda, agarda:
sugʻurtalovchi boshqa yuridik shaxslarning ustav kapitallariga joylashtirgan aktivlarining umumiy summasi, sugʻurtalovchi oʻz mablagʻlari manbalari summasining 50 foizidan oshgan, oldingi moliyaviy yil yakuni boʻyicha xalqaro auditning ijobiy xulosasini olgan tijorat banklarining ustav kapitallarida ishtirok etish va qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
sugʻurtalovchining har qanday bitta yuridik shaxsning ustav kapitalida ishtirok etish ulushi ushbu yuridik shaxsning ustav kapitalining 30 foizidan oshgan (sugʻurta faoliyati, sugʻurta faoliyatini taʼminlashga yoʻnaltirilgan faoliyatni, shuningdek mulk huquqi asosida sugʻurtalovchiga tegishli boʻlgan xizmat binolaridan foydalanish boʻyicha faoliyatni amalga oshiradigan shuʼba korxonalar (shuʼba xoʻjalik jamiyatlari) va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno);
sugʻurtalovchining aktivlari koʻchmas mulk obyektlariga joylashtirilganda, sugʻurtalovchi aktivlarining 50 foizidan ortigʻini bitta yer uchastkasi yoki koʻchmas mulkning boshqa obyektiga yoxud bitta obyekt sifatida koʻrilishi mumkin boʻlgan yer uchastkalari va koʻchmas mulk obyektlari majmuiga joylashtirilgan;
sugʻurtalovchining aktivlarini bank omonatlariga (depozitlariga) joylashtirishda, bitta tijorat bankiga joylashtirilgan omonat sugʻurtalovchi aktivlarining 40 foizidan oshgan;
sugʻurtalovchining aktivlarini kredit tashkilotlarida (tijorat banklaridan tashqari) omonatlarga (depozitlarga) joylashtirishda, omonatlarning (depozitlarning) umumiy summasi sugʻurtalovchi aktivlarining 10 foizidan oshgan;
sugʻurtalovchi aktivlarini bitta yuridik shaxsning ustav kapitaliga joylashtirish yoki bitta yuridik shaxsda ishtirok etish boʻyicha boshqa huquqlari sugʻurtalovchi aktivlarining 30 foizidan oshgan (qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), taqdirda, —
sugʻurtalovchiga har bir kamchilik uchun sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,05 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
Mazkur bandning ikkinchi — yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan kamchiliklar bir yil davomida takrorlangan taqdirda, sugʻurtalovchiga har bir takroriy kamchilik uchun sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,07 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
IV. Qayta sugʻurta qilish operatsiyalariga oid talablarga rioya qilmaganligi uchun sugʻurtalovchilarga qoʻllaniladigan jarima sanksiyalari
10. Quyidagi hollarda, agarda:
sugʻurtalovchi tavakkalchiliklarni tasdiqlangan deb hisoblanmaydigan qayta sugʻurtalovchilarga qayta sugʻurtaga bergan;
majburiyatlar chet el sugʻurta tashkilotlarida qayta sugʻurtalanganda, Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisiga qayta sugʻurtaga berilgan majburiyatlar hajmi sugʻurtalovchining har bir alohida sugʻurta (qayta sugʻurta qilish) shartnomasi boʻyicha majburiyatlar hajmining 95 foizdan oshgan;
majburiyatlar chet el sugʻurta tashkilotlarida qayta sugʻurtalanganda, oʻzida qoldirilgan ulushning eng kam miqdori sugʻurtalovchining toʻlov qobiliyati marjasining haqiqiy miqdorining 5 foizidan kam boʻlgan (eksport kontraktlarini siyosiy va tijorat tavakkalchiliklaridan sugʻurta qilish va chet elga chiquvchi shaxslarni sugʻurta qilish shartnomalari bundan mustasno), taqdirda, —
sugʻurtalovchiga har bir kamchilik uchun sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,1 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
V. Sugʻurta zaxiralarini shakllantirish hamda joylashtirish tartibi va shartlarini buzganligi uchun sugʻurtalovchilarga qoʻllaniladigan jarima sanksiyalari
11. Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi shakllantirishi shart boʻlgan sugʻurta zaxiralari shakllantirilmagan yoki toʻliq boʻlmagan miqdorda shakllantirilgan taqdirda, sugʻurtalovchiga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,1 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
12. Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi ajratishi shart boʻlgan aktivlar sugʻurtalovchi tomonidan ajratilmagan yoki sugʻurta zaxiralari qiymatidan kam boʻlgan miqdorda ajratilgan taqdirda, sugʻurtalovchiga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,05 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan kamchilik bir yil davomida takrorlangan taqdirda, sugʻurtalovchiga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,07 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
13. Sugʻurtalovchining ajratilgan aktivlarining 70 foizidan kam miqdori Oʻzbekiston Respublikasi davlat qimmatbaho qogʻozlaridan; bank omonatlaridan (depozitlaridan); bankdagi hisob (valyuta) schyotlari va boshqa schyotlardagi va/yoki kassadagi pul mablagʻlari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan mablagʻlardan; chet el davlatlarining davlat qimmatbaho qogʻozlaridan (Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi bilan kelishilgan holda); Oʻzbekiston Respublikasi hududida chiqarish va aylanishiga Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq yoʻl qoʻyilgan qimmatli qogʻozlar yoki tegishli vakolatli organ tomonidan berilgan, qimmatli qogʻozlar bozorida savdoni tashkil qilish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaga (ruxsatnomaga) ega chet el emitentlari tomonidan chiqarilgan va qimmatli qogʻozlar bozorida aylanishiga yoʻl qoʻyilgan qimmatli qogʻozlardan yoki ularning baʼzilaridan tashkil topgan taqdirda, sugʻurtalovchiga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,05 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan kamchilik bir yil davomida takrorlangan taqdirda, sugʻurtalovchiga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,07 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
14. Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi tomonidan taqdim etiladigan sugʻurta zaxiralari toʻgʻrisidagi hisobotlarda koʻrsatilgan sugʻurta zaxiralari miqdori sugʻurtalovchining buxgalteriya hisobi va hisoboti maʼlumotlariga mos kelmagan taqdirda, sugʻurtalovchiga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,05 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan kamchilik bir yil davomida takrorlangan taqdirda, sugʻurtalovchiga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,07 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
VI. Sugʻurta agentlari toʻgʻrisidagi nizom talablarini buzganligi uchun sugʻurtalovchilarga qoʻllaniladigan jarima sanksiyalari
15. Sugʻurtalovchi tomonidan sugʻurta agentiga toʻlangan komissiya pulining miqdori sugʻurta agenti tuzgan sugʻurta shartnomalari boʻyicha sugʻurtalovchining hisob raqamiga tushgan sugʻurta mukofotlarining (toʻlovlarining) 25 foizidan oshgan taqdirda, sugʻurtalovchiga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,05 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan kamchilik bir yil davomida takrorlangan taqdirda, sugʻurtalovchiga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,07 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
VII. Hisobotlarni taqdim etish shakli, tartibi va muddatlariga rioya qilmaganligi uchun sugʻurtalovchilarga qoʻllaniladigan jarima sanksiyalari
16. Sugʻurtalovchi tomonidan sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan:
toʻlov qobiliyati normativlari hisob-kitoblarini;
sugʻurtalovchilarning aktivlarini joylashtirishga oid talablarga rioya qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
qayta sugʻurta qilish operatsiyalariga oid talablarga rioya qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
sugʻurta zaxiralari toʻgʻrisidagi hisobotlarni, taqdim etish shakli, tartibi va muddatlariga rioya qilinmagan taqdirda, —
sugʻurtalovchiga har bir kamchilik uchun sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,03 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
Mazkur bandning ikkinchi — beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan kamchiliklar bir yil davomida takrorlangan taqdirda, sugʻurtalovchiga har bir takroriy kamchilik uchun sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,05 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
17. Hisobot maʼlumotlari buzib koʻrsatilgan (bila turib yolgʻon va notoʻgʻri maʼlumotlarni taqdim etilgan) taqdirda, sugʻurtalovchiga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,07 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan kamchilik bir yil davomida takrorlangan taqdirda, sugʻurtalovchiga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,1 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
VII1. Ichki nazorat qoidalari talablarini buzganligi uchun sugʻurtalovchilarga qoʻllaniladigan jarima sanksiyalari
171. Sugʻurtalovchi tomonidan:
masʼul shaxslarning roʻyxatini;
oʻzining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha faoliyati toʻgʻrisida hisobotni Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligiga taqdim etish muddatlariga rioya qilinmagan taqdirda, —
sugʻurtalovchiga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,05 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
VII2. Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligining koʻrsatmalarini bajarmaganligi uchun sugʻurtalovchilarga qoʻllaniladigan jarima sanksiyalari
172. Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligining quyidagi kamchiliklarni:
sugʻurtalovchi vakolat bergan sugʻurta agentlarining reyestri mavjud emasligi;
qabul qilingan pul mablagʻlari va majburiyatlarining miqdorlari haqidagi axborotni, shuningdek boshqa axborotni Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi oʻz vakolati doirasida talab qilganda taqdim etmasligi;
sugʻurtalovchi oʻzining firma nomi, tashkiliy-huquqiy shakli yoki joylashgan manzili oʻzgarganligi haqida sugʻurta qildiruvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali, oʻz ijrosidagi bir yildan ortiq muddatli sugʻurta shartnomalari boʻyicha esa yozma ravishda xabardor qilmasligi;
sugʻurtalovchi tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtmasligi;
sugʻurtalovchi tomonidan yiliga bir marta — har bir moliya yili tugaganidan keyin olti oy davomida moliya yilidagi faoliyat yakunlari boʻyicha aktuar tashkilotni aktuar tekshiruvini amalga oshirish uchun jalb etmaganligini bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalarini bajarmagan taqdirda, –
sugʻurtalovchiga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,09 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
VII3. Sugʻurta tovonini (sugʻurta pulini) toʻlashni asossiz rad etganligi uchun sugʻurtalovchilarga qoʻllaniladigan jarima sanksiyalari
173. Sugʻurtalovchi sugʻurta tovonini (sugʻurta pulini) toʻlashni asossiz rad etgan taqdirda, sugʻurtalovchiga har bir asossiz rad etish uchun sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,09 foiz miqdoridagi jarima solinadi. Bunda sugʻurtalovchining rad etishi asossiz deb, sugʻurta qildiruvchining (naf oluvchining) arizasiga muvofiq sud tomonidan eʼtirof etiladi.
VII4. Eksport kontraktlarini sugʻurta qilish shartnomalari boʻyicha sugʻurta tovoni toʻlash muddatlarini buzilganlik uchun sugʻurtalovchilarga qoʻllaniladigan jarima sanksiyalari
174. Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan eksport kontraktlarini sugʻurta qilish shartnomalari boʻyicha sugʻurta tovoni toʻlash muddatlariga sugʻurtalovchi tomonidan rioya qilinmagan taqdirda, sugʻurtalovchiga sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq sugʻurtalovchi uchun belgilangan ustav kapitali eng kam miqdorining 0,09 foiz miqdoridagi jarima solinadi.
VIII. Yakunlovchi qoidalar
18. Mazkur Nizomda koʻrsatib oʻtilgan jarima sanksiyalarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorlar hisobotlarni oʻrganish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish davomida, shuningdek sugʻurtalovchilarning faoliyatini tekshirish natijalari boʻyicha aniqlangan kamchiliklar mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida qabul qilinadi.
Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi kamchiliklar mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida kamchiliklar tavsifi va jarima sanksiyalari miqdorini koʻrsatgan holda tegishli xulosa tayyorlab mazkur Nizomda koʻrsatib oʻtilgan jarima sanksiyalarini qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Mazkur Nizomda koʻrsatib oʻtilgan jarima sanksiyalarini qoʻllash toʻgʻrisida qarorlar kamchiliklar aniqlangan kundan boshlab oʻttiz kun ichida qabul qilinadi va Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
19. Sugʻurtalovchiga jarima sanksiyasini qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab uch kun ichida Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi jarima sanksiyasining qoʻllanishiga olib kelgan yoʻl qoʻyilgan kamchilikni koʻrsatgan holda sugʻurtalovchiga yozma ravishda xabar beradi.
20. Sugʻurtalovchi jarima summasini yozma ravishda berilgan xabar olingan kundan boshlab oʻn kun ichida toʻlashi va jarima summasi toʻlangan kundan boshlab uch kun ichida Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligiga toʻlov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi shart.
21. Jarima sanksiyalarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorlari ustidan sugʻurtalovchilar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
