17-modda. Chaqirish muddatini kechiktirish
Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida (644-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
1. Muddatli harbiy xizmatga chaqirish muddatini uzaytirish:
fuqarolarning oilaviy sharoiti, salomatligining yomonlashganligi munosabati bilan oʻqishni davom ettirishlari uchun nohiya (shahar) chaqiruv komissiyasining qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Quyidagi chaqiriluvchilarning chaqirish muddati oilaviy sharoitga koʻra uzaytiriladi, chunonchi:
a) chaqiriluvchining otasi va onasi yoki ulardan biri mehnatga qobiliyatsiz boʻlib ular bilan birga yoki ayrim holda istiqomat qilishdan qatʼi nazar, oʻzlarini boqishi shart boʻlgan boshqa mehnatga qobiliyatli oʻgʻli boʻlmasa. Ota-onalarning mehnatga qobiliyatsizligi amaldagi qonunlarga muvofiq aniqlanadi;
b) chaqiriluvchining mehnatga qobiliyatli onasi yolgʻiz boʻlib, uning 16 yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq bolasi boʻlsa-yu, istiqomat joyidan qatʼi nazar, amaldagi qonunlarga muvofiq onasiga moddiy yordam koʻrsatishi shart boʻlgan mehnatga qobiliyatli boshqa bolalari boʻlmasa;
v) chaqiriluvchining bir farzandi boʻlib, uni yolgʻiz oʻzi tarbiyalayotgan boʻlsa;
g) chaqiriluvchining ikki va undan ortiq farzandi boʻlsa, yoki xotini I yoinki II guruh nogironi boʻlsa.
Ota-onasining vafot etganligi, ularning uzoq muddat betobligi yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra chaqiriluvchini kamida besh yil davomida oʻz qaramogʻida saqlayotgan shaxslar uning ota-onasiga teng shaxslar hisoblanadilar.
Oʻrta umumiy taʼlim, hunar texnika bilim yurtlari, kunduzgi diniy oʻrta oʻquv yurtlarida tahsil koʻrayotgan chaqiriluvchilarning chaqirish muddati — toʻliq umumiy taʼlim olgunlariga qadar, lekin koʻpi bilan 21 yoshgacha, ishlab chiqarishdan ajralgan holda oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olayotgan studentlarga hamda kunduzgi diniy oliy oʻquv yurtlarida tahsil koʻrayotgan fuqarolarga chaqirish muddati — oʻquv yurtini bitirgunlariga qadar taʼlim olishni davom ettirishlari maqsadida uzaytiriladi.
Oʻquv yurtlaridan intizomsizligi, oʻqishda ulgurmasligi va oʻqishni xohlamasligi sababli haydab yuborilgan shaxslar chaqirilish muddatini uzaytirish huquqidan mahrum boʻladilar.
2. Tabiiy ofat roʻy bergan joylardan koʻchirilgan chaqiriluvchilarning chaqirish muddati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan koʻchirilgan vaqtdan boshlab koʻpi bilan 2 yilga kechiktiriladi.
3. Chaqirilish muddatini kechiktirish huquqini yoʻqotgan chaqiriluvchilar, shuningdek chaqirilish muddatini kechiktirish huquqiga ega boʻlmagan yoki ushbu Qonunning 17-moddasida nazarda tutilgan chaqirilishdan ozod boʻlish asoslari boʻlmagan shaxslar va turli sabablarga koʻra muddatli xizmatga chaqirilmaganlar qoʻshinlarga joʻnatish kunigacha 27 yoshga toʻlgunga qadar navbatdagi chaqirish amalga oshirilayotganda chaqiriladilar.
