3-modda. Asosiy tushunchalar
“Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-162-son) · Sana: 11.07.2008 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
nogiron — jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor (sezgi) nuqsonlari borligi tufayli turmush faoliyati cheklanganligi munosabati bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nogiron deb topilgan hamda ijtimoiy yordamga va himoyaga muhtoj shaxs;
nogiron bolalar — jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor (sezgi) nuqsonlari borligi tufayli turmush faoliyati cheklanganligi munosabati bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nogiron deb topilgan hamda ijtimoiy yordamga va himoyaga muhtoj oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxslar;
nogironlarni ijtimoiy himoya qilish — nogironlarga turmush faoliyati cheklanganligini bartaraf etishi, qoplashi (kompensatsiya qilishi) uchun shart-sharoitlarni taʼminlovchi hamda ularga jamiyat hayotida boshqa fuqarolar bilan teng ishtirok etish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan, davlat tomonidan kafolatlangan iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy chora-tadbirlar tizimi;
nogironlarni reabilitatsiya qilish — nogironlarga organizmining izdan chiqqan yoki yoʻqolgan funksiyalarini tiklashiga va ularni kompensatsiya qilishiga, turmush faoliyati cheklanganligini bartaraf etishi uchun yordam berishga qaratilgan tibbiy, ijtimoiy, psixologik, pedagogik, jismoniy, kasbga, mehnatga doir chora-tadbirlar tizimi;
tibbiy-ijtimoiy ekspertiza — muayyan shaxs organizmining barcha tizimlarini kompleks tekshirish asosida uning sogʻligʻini yoʻqotganlik darajasini, organizmi funksiyalari turgʻun buzilishi oqibatida turmush faoliyatining cheklanganlik darajasini, nogironlik guruhini, nogironlikning yuz berganligi sabablari hamda vaqtini aniqlash, shuningdek shaxs uchun sogʻligʻining holatiga koʻra amalga oshirishi mumkin boʻlgan mehnat faoliyati turlari va mehnat sharoitlari, oʻzgalarning parvarishiga, sanatoriy-kurortda davolanishning tegishli turlariga hamda ijtimoiy himoyaga boʻlgan ehtiyojlari haqida tavsiyalar tayyorlash;
shaxsning turmush faoliyati cheklanganligi — shaxsning oʻziga oʻzi xizmat qilish, harakatlanish, yoʻlni topa olish, muloqot qilish, oʻz xatti-harakatini nazorat etish, shuningdek oʻqish va mehnat faoliyati bilan shugʻullanish qobiliyatini yoki imkoniyatini toʻla yoxud qisman yoʻqotganligi.
