Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-York, 2003-yil 31-oktabr) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi toʻgʻrisida (O‘RQ-158-son)
07.07.2008
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Qonunchilik palatasi tomonidan 2008-yil 24-iyunda qabul qilingan Senat tomonidan 2008-yil 27-iyunda maʼqullangan
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-York, 2003-yil 31-oktabr) quyidagi bildirishlar, bayonotlar va shartlar bilan qoʻshilinsin:
1) Konvensiya 6-moddasining 3-bandi boʻyicha: “Oʻzbekiston Respublikasi shuni bildiradiki, Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Adliya vazirligi korrupsiyaning oldini olish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda boshqa Ishtirokchi-davlatlarga yordam koʻrsatishi mumkin boʻlgan organlar sifatida belgilangan”;
2) Konvensiya 42-moddasining 1 va 3-bandlari boʻyicha: “Oʻzbekiston Respublikasi shuni bayon qiladiki, 15—19, 21, 22-moddalarda, 23-moddaning 1-bandida, 24, 25, 27-moddalarda nazarda tutilgan qilmishlar milliy qonunchilikka muvofiq jinoiy jazolanadigan qilmishlardir va ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining yurisdiksiyasi tatbiq etiladi”;
3) Konvensiya 44-moddasining 6-bandi boʻyicha: “Oʻzbekiston Respublikasi Konvensiya 44-moddasi 6-bandining “a” kichik bandiga muvofiq shuni bildiradiki, u ushbu Konvensiyadan korrupsiya jinoyatlari sodir etgan shaxslarni tutib topshirish masalalarida ushbu Konvensiyaning boshqa Ishtirokchi-davlatlari bilan oʻzarolik asosida hamkorlik qilish uchun huquqiy asos sifatida foydalanadi”;
4) Konvensiyaning 46-moddasi boʻyicha:
a) 13-band. “Oʻzbekiston Respublikasi shuni bildiradiki, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokuraturasi oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimoslarni olish va bajarish yoki bunday iltimoslarni bajarish uchun Oʻzbekiston Respublikasining boshqa vakolatli organlariga yuborishga javobgar boʻlgan markaziy organdir”;
b) 14-band. “Oʻzbekiston Respublikasi shuni bildiradiki, oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisidagi iltimoslarni yuborishda oʻzbek, rus va ingliz tillari maqbul tillar sifatida belgilangan”;
5) Konvensiyaning 66-moddasi boʻyicha: “Oʻzbekiston Respublikasi Konvensiya 66-moddasining 3-bandiga muvofiq shuni bayon qiladiki, u oʻzini Konvensiya 66-moddasi 2-bandining qoidalariga bogʻliq deb hisoblamaydi”.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 7-iyul,
OʻRQ-158-son
