Bolalikdan nogironlar tugʻilishining oldini olish uchun tugʻma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash davlat dasturi toʻgʻrisida (PQ-892-son)
18.06.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Yoshlar yili” Davlat dasturini bajarish yuzasidan hamda onalar va bolalar sogʻligʻini har tomonlama mustahkamlashni taʼminlash, sogʻlom avlod tugʻilishi va tarbiyalanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, homilador ayollar va chaqaloqlar patologiyasini barvaqt aniqlash davlat tizimini yanada rivojlantirish, bolalar nogironligini qisqartirish maqsadida:
1. 2008 — 2012-yillar davrida nogiron bolalar tugʻilishining oldini olish uchun tugʻma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi “Sogʻlom avlod uchun” nohukumat xalqaro xayriya jamgʻarmasi bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Davlat dasturi sifatli va oʻz vaqtida roʻyobga chiqarilishini amaliy ravishda muvofiqlashtirib, nazorat qilib borilishini taʼminlasin.
2. Belgilansinki, Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish, 2-ilovaga* muvofiq, sogʻliqni saqlash muassasalariga har yili ajratiladigan davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek, “Sogʻlom avlod uchun” nohukumat xalqaro xayriya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Mazkur Davlat dasturini amalga oshirish doirasida, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kelinadigan reagentlar, sarflash materiallari, shifobaxsh bolalar taomlari, dori-darmonlar va boshqa tovarlar bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) toʻlashdan ozod qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Davlat dasturini amalga oshirish doirasida tuzilgan import kontraktlarining belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlasin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Sogʻlom avlod uchun” nohukumat xalqaro xayriya jamgʻarmasi bilan birgalikda Davlat dasturini amalga oshirishga har tomonlama yordam koʻrsatsinlar va rivojlanishida tugʻma nuqsonlari boʻlgan bolalar tugʻilishining oldini olish ijtimoiy jihatdan muhim ahamiyatga ega ekanligi toʻgʻrisida aholi oʻrtasida keng tushuntirish ishlarini tashkil qilsinlar.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Qosimov va F.Sh. Akbarova zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 18-iyun,
PQ-892-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 18-iyundagi PQ-892-son qaroriga 1-ILOVA
2008-2012-yillar davrida bolalikdan nogironlar tugʻilishining oldini olish uchun tugʻma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 24-25-son, 222-modda)
