98-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining reglamenti (49-I-son) · Sana: 05.05.1995 · Amalda
Oliy Majlisning bitta yoki bir guruh deputati, qoʻmitasi, komissiyasi, fraksiyasi yoki bloki mansabdor shaxslarga, shuningdek xoʻjalik yurituvchi subyektlarning rahbarlariga respublikaning davlat, xoʻjalik va ijtimoiy-madaniy qurilishi uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan masalalar yuzasidan rasmiy tushuntirishlar berish yoki oʻz munosabatini bayon etishni talab qilib soʻrov bilan murojaat etishga haqlidirlar.
Soʻrov Oliy Majlisning sessiyasida ogʻzaki yoki yozma ravishda kiritilishi mumkin.
Majlisda raislik qiluvchi soʻrovni, u qaysi organ yoki mansabdor shaxsga qaratilgan boʻlsa, ana shu organ yoki mansabdor shaxs eʼtiboriga yetkazadi. Soʻrov qaratilgan organ yoki mansabdor shaxs soʻrovga Oliy Majlis belgilagan muddat va tartibda javob berishi shart.
Soʻrov kiritgan bitta yoki bir guruh deputat, qoʻmita, komissiya, fraksiya, blok soʻrovga javob bergan organ yoki mansabdor shaxsga qoʻshimcha tushuntirishlar berishni soʻrab murojaat qilishlari, soʻz qoʻshishlari, bayonot bilan soʻzga chiqishlari mumkin.
Soʻrovning javobi tinglab boʻlingach, muhokamaga qoʻyilishi mumkin. Soʻrovga berilgan javob yuzasidan qaror qabul qilinadi.
Oliy sudning raisi, Oliy xoʻjalik sudining raisi, Bosh prokuror, surishtiruv va tergov organlarining rahbarlari nomiga kiritilgan deputat soʻrovi ular yuritayotgan aniq ishlar va materiallarga oid boʻlishi mumkin emas.
