50-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining reglamenti (49-I-son) · Sana: 05.05.1995 · Amalda
Oliy Majlis Kengashining majlislari zaruratga qarab chaqiriladi va Kengash umumiy tarkibining yarmidan ortigʻi hozir boʻlgan taqdirdagina vakolatli boʻladi. Oliy Majlis Kengashining majlislarini Oliy Majlisning Raisi, u boʻlmagan paytda esa Oliy Majlis Raisining oʻrinbosarlaridan biri chaqiradi va olib boradi.
Oliy Majlis Kengashining qarorlari uning majlislarida hozir boʻlganlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Qarorlar shuningdek Oliy Majlis Kengashi tarkibining aʼzolaridan bittama-bitta soʻrab chiqish yoʻli bilan ham qabul qilinishi mumkin.
Oliy Majlis Kengashining majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qatnashish huquqiga ega.
Oliy Majlis Raisining taklifiga muvofiq Kengash majlislarida Oliy Majlis deputatlari, shuningdek davlat organlari, jamoat birlashmalarining vakillari, olimlar va mutaxassislar ham qatnashishlari mumkin.
Oliy Majlisning Kengashi tarkibiga kiruvchi shaxslarga, shuningdek uning majlislarida qatnashuvchi boshqa shaxslarga majlisda koʻrib chiqish moʻljallanayotgan masalalar toʻgʻrisida oldindan xabar qilinadi va zarur materiallar beriladi.
Oliy Majlis Kengashi majlislarining bayonlari va stenogrammasi yuritiladi. Oliy Majlisning Kengashi tomonidan koʻrib chiqilgan masalalar va qabul qilgan qarorlar haqida ommaviy axborot vositalarida maʼlum qilinadi.
