105-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining reglamenti (49-I-son) · Sana: 05.05.1995 · Amalda
Deputatlarni roʻyxatga olish, soʻzga chiqishga yozilish, soʻrovlar, takliflar va tuzatishlar kiritish, ovozlarni sanash va ovoz berish natijalarini aniqlash, shuningdek majlislarning borishi haqida maʼlumotnoma va statistika axborotlarini jamlash hamda tezkorlik bilan berish, roʻyxatlar va boshqa hujjatlarni tuzish, bosib chiqarish, Oliy Majlis ishidan voqif qilib turish uchun elektron tarmoqdan foydalanish mumkin.
Elektron tarmoq ishini nazorat qiluvchi guruh tarkibiga kirgan deputatlar bu tarmoqni nazorat qilish uchun zarur boʻlgan barcha axborotlarni moneliksiz olish huquqiga egadirlar. Ushbu guruhning oʻz tasarrufidagi masalalarga oid qarorlari elektron tarmoqning ishlashini taʼminlab turgan barcha mutaxassislar va xizmatlar uchun majburiydir.
Nazorat qiluvchi guruh yashirin ovoz berish boshlanishidan avval elektron tarmoqning ishlashini tekshirib koʻrishga haqlidir, bu xususda maxsus bayonnoma tuziladi.
Nazorat qiluvchi guruh deputatlarning nomma-nom ovoz berish natijalari koʻrsatilgan roʻyxatlardagi xatoliklarga doir arzlarini qarab chiqadi va ularning qanchalik asosliligini tekshiradi, oʻz ishiga mutaxassis-ekspertlarni jalb etadi.
Roʻyxatga olish natijalari, soʻzga chiqishga yozilish, deputatlarning soʻrovlari, ovoz berish natijalari hamda majlisning borishiga oid boshqa maʼlumotlar elektron tarmoq kompyuterining xotirasida, shuningdek Oliy Majlisning arxivida magnit tasmasi yozuvlarida saqlanadi.
