2008 va 2009-yillarda oliy taʼlim muassasalariga foizsiz budjet ssudalarini ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (1818-son)
29.05.2008
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGINING
QARORI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2008-yil 29-mayda 1818-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Budjetdan tashqari daromadlar va xarajatlar oʻrtasidagi vaqtinchalik tafovutlarni qoplash uchun oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy koʻmak berish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi qaror qiladi:
1. 2008 va 2009-yillarda oliy taʼlim muassasalariga foizsiz budjet ssudalarini ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 28-may,
60-son
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 28-may,
152-1-son
Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2008-yil 28-maydagi 60, 152-1-son qarori bilan TASDIQLANGAN
2008 va 2009-yillarda oliy taʼlim muassasalariga foizsiz budjet ssudalarini ajratish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom oliy taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari daromadlar va xarajatlar oʻrtasidagi vaqtinchalik tafovutlarni qoplash uchun 2008 va 2009-yillarda oliy taʼlim muassasalariga foizsiz budjet ssudalarini ajratish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Foizsiz budjet ssudalarini (bundan keyingi oʻrinlarda budjet ssudalari deb yuritiladi) ajratish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan faqat ish haqi, yagona ijtimoiy toʻlov va stipendiyalar toʻlash boʻyicha xarajatlarni qoplash uchun ajratiladi.
2. Oliy taʼlim muassasalariga budjet ssudalari oʻz tizimida boʻlgan tegishli vazirlik va idoraning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan yozma talabnomalariga muvofiq ajratiladi.
3. Budjet ssudalarining manbai boʻlib respublika budjeti daromadlarining belgilangan rejaga nisbatan orttirib bajarilgan qismi hisoblanadi.
II. Budjet ssudalarini ajratish uchun talabnomalarni taqdim etish va ularni koʻrib chiqish tartibi
4. Budjet ssudalarini ajratish uchun talabnomalar bilan murojaat qilish uchun asos boʻlib mazkur Nizomning 1-bandida koʻrsatib oʻtilgan xarajatlarni qoplash uchun oliy taʼlim muassasalarining ular tomonidan toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish hisobidan shakllanadigan budjetdan tashqari mablagʻlarining yetishmasligi yoki mavjud emasligi hisoblanadi.
Budjet ssudasini ajratish uchun talabnoma mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq taqdim etiladi.
5. Budjet ssudasi ajratish toʻgʻrisidagi yozma talabnomaga tegishli oliy taʼlim muassasasining rahbari, bosh buxgalteri va moliya-reja boʻlimi boshligʻining imzolari bilan tasdiqlangan budjet ssudasiga boʻlgan ehtiyojning asoslantirilgan hisob-kitoblari ilova qilinadi.
Budjet ssudasiga boʻlgan ehtiyojning hisob-kitoblari mazkur Nizomning 2-ilovasidagi keltirilgan shaklga muvofiq taqdim etiladi.
6. Budjet ssudalarini ajratish toʻgʻrisidagi talabnomalarni koʻrib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan budjet ssudasini ajratish uchun zarur hujjatlar taqdim qilingan kundan boshlab yetti ish kuni ichida amalga oshiriladi. Murojaatlarni koʻrib chiqishda oliy taʼlim muassasasi boʻyicha tegishli ravishda 2008 va 2009-yillarda kutilayotgan budjetdan tashqari mablagʻlarning kamomadi hisobga olinadi.
7. Zarurat tugʻilganda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tegishli qaror qabul qilish uchun qoʻshimcha maʼlumot va hisob-kitoblar soʻralishi mumkin.
8. Budjet ssudasi ajratilishi uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan shaklga muvofiq xulosa rasmiylashtiriladi.
Ijobiy xulosada ajratilishi taklif etilayotgan budjet ssudasining miqdori koʻrsatiladi.
Salbiy xulosada budjet ssudasi ajratilmasligining aniq sabablari va asoslari koʻrsatiladi.
9. Budjet ssudasi ajratilishi rad etilganligi haqida oliy taʼlim muassasasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan salbiy xulosa rasmiylashtirilgandan soʻng rad etilishning aniq sabablari va asoslari koʻrsatilgan yozma xabardor etiladi.
III. Budjet ssudasini ajratish tartibi
10. Ijobiy xulosa mavjudligida Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladigan oliy taʼlim muassasasiga budjet ssudasini ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
11. Budjet ssudasi ajratish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingandan soʻng mutasaddi moliya vaziri oʻrinbosari va tarkibida oliy taʼlim muassasasi boʻlgan tegishli vazirlik yoki idoraning rahbari oʻrinbosari hamda oliy taʼlim muassasasining rahbari imzolari bilan tasdiqlanadigan budjet ssudasini ajratish toʻgʻrisida shartnoma tuziladi.
12. Budjet ssudasini qaytarish muddatlari ssuda qaytarilishining 2011-yildan boshlanishini nazarda tutadigan va budjet ssudasi ajratilishi toʻgʻrisidagi shartnomaning ilovasi hisoblanadigan qaytarish jadvaliga muvofiq belgilanadi.
13. Ajratilgan budjet ssudasi summasi oliy taʼlim muassasasi hisobiga tegishli vazirlik va idoralarning budjet ssudasi mablagʻlarini ajratish talablariga muvofiq har oy qismlarga boʻlib oʻtkazib beriladi.
14. Ajratilgan budjet ssudasi mablagʻlari oliy taʼlim muassasalariga xizmat koʻrsatuvchi banklarda ochiladigan talab qilib olinguncha maxsus depozit hisob raqamiga budjet ssudasini ajratish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan muddatlarda oʻtkazib beriladi.
IV. Budjet ssudasining qaytarilishi
15. Budjet ssudasini qaytarish qatʼiy ravishda budjet ssudasini ajratish toʻgʻrisidagi shartnomaning ilovasida keltiriladigan qaytarish jadvalida koʻrsatilgan muddatlarda amalga oshiriladi.
16. Oliy taʼlim muassasalari tomonidan budjet ssudalari oʻz vaqtida qaytarilmaganda qarzdorlikni undirish oliy taʼlim muassasasining budjetdan tashqari hisob raqamidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Budjet ssudasini qaytarish muddatlari buzilganda har bir kechiktirilgan kun uchun oʻz vaqtida qaytarilmagan budjet ssudasi summasining 0,05 foizi miqdorida jarima solinadi.
V. Budjet ssudalarini qaytarish muddatlarini uzaytirish
17. Budjet ssudalarini qaytarish muddatini uzaytirish oliy taʼlim muassasasida ssudani qaytarish imkoniyatini inkor etuvchi moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga kelgan hollarda amalga oshiriladi. Budjet ssudasini qaytarish muddatini uzaytirish masalasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining rahbariyati tomonidan koʻrib chiqiladi. Budjet ssudasini qaytarish muddatini uzaytirish haqidagi bildirgi oliy taʼlim muassasasi tomonidan beriladi va mazkur Nizomning II-boʻlimida oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqiladi. Koʻrsatilgan bildirgi budjet ssudasini qaytarish muddati boshlangunga qadar kamida ikki hafta oldin kiritilishi lozim.
18. Budjet ssudasini qaytarish muddatini uzaytirish mazkur Nizomda budjet ssudasini ajratish uchun belgilangan tartib va shartlar asosida rasmiylashtiriladi.
Bunda budjet ssudasini ajratish toʻgʻrisidagi shartnomaga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritiladi.
19. Budjet ssudasini qaytarish muddati uzaytirilganda qaytarish muddati uzaytirilgan budjet ssudasidan foydalanish uchun foiz toʻlanishi nazarda tutilmaydi.
VI. Budjet ssudasi oluvchilarining javobgarligi
20. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga budjet ssudasini ajratish uchun kiritiladigan talabnomalarning toʻgʻriligi va asoslantirilganligi, shuningdek ajratilgan budjet ssudasini maqsadli sarflanishi va oʻz vaqtida qaytarilishiga oliy taʼlim muassasalari hamda tarkibida ushbu muassasalar boʻlgan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari shaxsiy javobgardir.
21. Ajratilgan budjet ssudalaridan maqsadsiz foydalanilganlik faktlari aniqlanganda tegishli oliy taʼlim muassasalari, shuningdek tarkibida ushbu muassasalar boʻlgan vazirlik va idoralar rahbarlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar. Maqsadsiz foydalanilgan budjet ssudasi mablagʻi muddatidan oldin undirib olinadi.
VII. Yakuniy qoidalar
22. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, tegishli vazirlik va idoralar va oliy taʼlim muassasalari budjet ssudasini ajratish davrida hamda uning qaytarilishi muddati mobaynida belgilangan tartibda har chorakda kamida bir marotaba ajratilayotgan budjet ssudalari boʻyicha qarzdorlikning solishtirma dalolatnomalarini tuzadi.
23. Oliy taʼlim muassasalari tomonidan budjet ssudasi mablagʻlarini oʻzlashtirilishini monitoring qilish zarur hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat budjeti Bosh boshqarmasiga budjet ssudalari mablagʻlarini ajratish muddatlari va miqdorlarini aniqlashtirish boʻyicha takliflar kiritish huquqiga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Ijtimoiy soha va fanni moliyalashtirish Bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
24. Ajratilgan budjet ssudalaridan maqsadli va samarali foydalanish ustidan tekshirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish Bosh boshqarmasi tomonidan tizimli ravishda amalga oshiriladi.
2008 va 2009-yillarda oliy taʼlim muassasalariga foizsiz budjet ssudalarini ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2009-yil 10-iyundagi 63 va 196-sonli (roʻyxat raqami 1818-1, 17.06.2009-y.) qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 25-son, 291-modda)
2008 va 2009-yillarda oliy taʼlim muassasalariga foizsiz budjet ssudalarini ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
* daromadlarga talabalar tomonidan 20__/20__ oʻquv yilda oʻqitishning toʻliq qiymatini oʻz vaqtida toʻlamaganlik yuzasidan tushishi kutilayotgan mablagʻlar, shuningdek boshqa tushumlar ham kiritilishi lozim.
** jami daromad (ayiruv) jami kassa.
*** jami daromad (ayiruv) jami haqiqiy xarajatlar (ayiruv) 20__ yil 1-yanvar holatiga kreditor qarzdorlik.
**** kassa (ayiruv) haqiqiy xarajatlar (ayiruv) 20__ yil 1-yanvar holatiga kreditor qarzdorlik.
