Korxonalar (tashkilotlar) faqat maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) asosidagina shugʻullanishga haqli boʻlgan faoliyat turlarining roʻyxati haqida (516-XII-son)
14.01.1992
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
“Oʻzbekiston Respublikasida korxonalar toʻgʻrisida”gi Qonunning 1 va 8-moddalariga hamda “Oʻzbekiston Respublikasida kooperatsiya toʻgʻrisida”gi Qonunning 3-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan korxonalar (tashkilotlar) faqat maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) asosidagina shugʻullanishga haqli boʻlgan faoliyat turlari ilova qilinayotgan roʻyxatga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qoʻyilsinki, korxonalar (tashkilotlar)ga maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan nizom bilan belgilanadi.
2. Mazkur roʻyxatda koʻrsatib oʻtilgan faoliyat turlari bilan tegishli ruxsatnomasiz (litsenziyasiz) shugʻullangan taqdirda korxona (tashkilot) mahalliy budjetga ana shu faoliyatdan olinadigan barcha daromadni hamda qonunsiz olingan daromad miqdorida jarima toʻlashi belgilab qoʻyilsin. Bunday korxonaning (tashkilotning) faoliyati hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan toʻxtatib qoʻyilishi mumkin.
3. “Oʻzbekiston Respublikasi hududida kooperativ va yakka tartibdagi mehnat faoliyatining baʼzi turlarini taqiqlab qoʻyish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatining 1989-yil 27-sentabrdagi Farmoni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Vedomostlari, 1989-yil, № 25, 376-modda) 1-bandidagi beshinchi, oʻn birinchi, yigirma sakkizinchi, yigirma toʻqqizinchi xatboshilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga bir oylik muddat ichida amaldagi qonunlariga muvofiq kooperativlar shugʻullanishi man etilgan va ular faqat maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) asosidagina shugʻullanishga haqli boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatlariga aniqlik kiritish topshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
1992-yil 14-yanvar,
516-XII-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 14-yanvardagi 516-XII-sonli qaroriga ILOVA
Mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalar (tashkilotlar), shu jumladan chet el korxonalari va qoʻshma korxonalar faqat maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosidagina shugʻullanishga haqli boʻlgan faoliyat turlarining
ROʻYXATI
Qurol-aslahalar va ularga oʻq-dorilar, himoya vositalari, harbiy texnika, agar boshqa tarmoqlarda ishlatilmasa, ularga ehtiyot qismlar, jihozlovchi elementlar va asboblar, shuningdek ularni ishlab chiqarish uchun maxsus materiallar va maxsus uskunalar yaratish, ishlab chiqarish, ularni taʼmirlash va sotish.
Portlovchi moddalar hamda ularni qoʻllagan holda boshqa buyumlar yaratish, ishlab chiqarish va ularni sotish.
Zaharlovchi jangovar moddalar hamda ulardan himoyalanish vositalari ishlab chiqarish va ularni sotish.
Raketa-kosmik komplekslar, aloqa tizimlari va ularni boshqarish uchun vositalar yaratish, ishlab chiqarish, ularni taʼmirlash va sotish.
Uran va boshqa parchalanuvchi materiallarni, shuningdek ulardan yasalgan mahsulotlarni qazib chiqarish, ishlab chiqarish, tashish, qayta ishlash, koʻmib tashlash va sotish.
Yagona energetika tizimiga ulanadigan statsionar elektrostansiyalarida elektr energiyasi hosil qilish.
Portlash xavfi boʻlgan va zaharli moddalarni tashish.
Boʻshatib olingan harbiy-texnikaviy vositalarni tugatish (yoʻq qilib tashlash, ulardan xomashyo sifatida boshqa ishlarda foydalanish, ularni koʻmib tashlash) va qayta ishlash.
Harbiy mahsulotni namoyish va targʻib qilish.
Ov va sportga moʻljallangan oʻqotar qurol va unga oʻq-dorilar, shuningdek tigʻli qurollar (pichoqlarning milliy turlaridan tashqari) ishlab chiqarish, ularni taʼmirlash va sotish.
Neft, neft mahsulotlari va gaz qazib chiqarish, ularni qayta ishlash va sotish.
Qimmatbaho va yerda kam uchraydigan metallar, qimmatbaho toshlar qazib chiqarish.
Tarkibida qimmatbaho metallar va toshlar boʻlgan ikkilamchi resurslar va chiqitlarni tayyorlash hamda qayta ishlash.
Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlari tayyorlash.
Rentgen uskunalari, radioaktiv moddalar va izotoplardan foydalaniladigan asboblar va uskunalar yaratish, ishlab chiqarish hamda ularni sotish.
Atom energetikasi obyektlari, magistral truboprovodlar va koʻpriklar, tonnellar, shuningdek mudofaa obyektlariga (qurilmalari, uskunalari, tizimlari va asboblariga) doir loyiha qurilish montaj ishlarini bajarish, bunday obyektlarni ishlatish va taʼmirlash.
Tavakkalchilik darajasi yuqori boʻlgan obyektlarni hamda xavf-xatar tugʻdiradigan ishlab chiqarishlarni qurish va ishlatish, ular uchun uskunalar, nazorat va avariyaga qarshi himoya tizimlarini tayyorlash.
Temir yoʻl, dengiz, havo transportida yoʻlovchilar va yuklar tashish.
Xazina va bank biletlari, tangalar, qimmatli qogʻozlar (aksiyalar, obligatsiyalar va h. k), nishonlar, medallar va pochta toʻlovlari belgilari ishlab chiqarish.
Magistral va xalqaro aloqa yoʻllarini loyihalash, qurish va ishlatish.
topografiya-geodeziya va kartografiya ishlarini amalga oshirish.
Metrologiya uskunalari ishlab chiqarish va ularni sotish.
Shifrlovchi texnika ishlab chiqarish, uni taʼmirlash, sotish va ishlatish.
Tarkibida narkotik moddalar boʻlgan ekinlari ekish, yetishtirish va sotish.
Narkotik moddalar ishlab chiqarish va sotish.
Farmokologiya preparatlari ishlab chiqarish va sotish.
Qimorxonalar tashkil etish, lotereyalar oʻtkazish va hokazo.
Qurilish loyihalarining ekspertizasini oʻtkazish.
Vositachilik faoliyati, shu jumladan birja, savdo vositachiligi va savdo-xarid faoliyati.
Yongʻinga qarshi avtomatik vositalarini, qoʻriqlash signalizatsiyalarini, yongʻindan darak beruvchi va qoʻriqlash-yongʻindan darak beruvchi signalizatsiyalarni loyihalash, taʼmirlash, montaj qilish, sozlash, ularga texnika xizmati koʻrsatish.
Tibbiy yordam koʻrsatish.
Yuklar va yoʻlovchilarni xalqaro avtomobil yoʻllarida tashish.
Bolalar, oʻsmirlar va yoshlarga moʻljallangan sogʻlomlashtirish va boshqa xil lagerlar tashkil etish.
Parfyumeriya va kosmetika buyumlari, turmushda ishlatiladigan kimyoviy moddalar tayyorlash.
Auditorlik faoliyati.
Badiiy va xronikal-hujjatli, ilmiy-ommabop, tasviriy, multiplikatsion kino va video filmlar hamda dasturlar yaratish.
Kino va video dasturlarni koʻpaytirish, tarjima qilish, sotish.
Kino va video mahsulotlarni ijaraga berish, namoyish etish va koʻrsatish.
Kino va videoga olish hamda shu faoliyatning boshqa turlarini tashkil etish yuzasidan xizmatlar koʻrsatish, shu jumladan vositachilik xizmatlari koʻrsatish.
Balandliklarda sanoat alpinizmi uslubida taʼmirlash, qurilish-montaj ishlari bajarish.
Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish.
Oʻzbekiston Respublikasida va undan tashqarida gastrol-konsert faoliyatini amalga oshirish.
Toʻy, yubiley va boshqa tantanalarda badiiy (konsert) xizmat koʻrsatish.
Gramplastinkalar, audiokassetalar va lazerli disklarni ishlab chiqish, yozib olish, koʻpaytirish va sotish.
Noshirlik faoliyati.
Badiiy va musiqali audioyozuvlar ishlab chiqarish.
Audiokassetalar prokati.
Audioyozuvlarni va audiofaoliyatning boshqa turlarini tashkil etish boʻyicha xizmatlar, shu jumladan bu borada vositachilik xizmatlari koʻrsatish.
Ichimlik spirti, aroq hamda boshqa alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish.
