2- modda. Bank operatsiyalari
Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida (205-XII-son) · Sana: 15.02.1991 · Amalda
1. Banklar pul omonatlarini qabul qiladilar va joylashtiradilar, kreditlar beradilar hamda jalb etadilar, mijozlar va gumashta banklarning topshirigʻiga koʻra hisob-kitoblarni amalga oshiradilar va ularga kassa xizmatini koʻrsatadilar.
Banklar qonunga xilof boʻlmagan va oʻz ustavlarida koʻzda tutilgan boshqa operatsiyalarni ham, jumladan quyidagi operatsiyalarning hammasini yoki ayrimlarini, chunonchi:
a) mijozlar va gumashta banklarning hisob raqamini yuritishni;
b) investitsiyaga sarflanadigan mablagʻlar egasining yoki ularni tasarruf etuvchilarning topshirigʻiga koʻra kapital mablagʻlarni pul bilan taʼminlashni;
v) toʻlov hujjatlari va boshqa xil qimmatli qogʻozlar (cheklar, akkreditivlar, veksellar, aksiyalar, obligatsiyalar va shu kabilar) chiqarishni;
g) davlat toʻlov hujjatlari va boshqa qimmatli qogʻozlarni xarid qilish, sotish va saqlash hamda ular bilan bogʻliq boʻlgan boshqa ishlarni;
d) uchinchi shaxslar uchun pul shaklida ijro etishni nazarda tutuvchi kafillik, kafolat berish va boshqa majburiyatlar olishni;
e) tovarlar yetkazib berish va xizmat koʻrsatish yuzasidan kelib chiqadigan toʻlovni talab qilish huquqini olish, bunday talablarning bajarilishini va ularning inkassatsiyasini tavakkal qilib oʻz zimmasiga olishni (faktoring);
j) asbob-uskunalar, transport vositalari va boshqa mol-mulklar sotib olish va ularni ijara shartlari asosida oʻtkazishni (lizing);
z) chet el valyutalarini tashkilotlar va fuqarolardan xarid qilib olish hamda ularni sotishni;
i) chet elda qimmatbaho metallar, tabiiy qimmatbaho toshlar, shuningdek qimmatbaho metallardan hamda qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni xarid qilish va sotishni;
k) qimmatbaho metallarni hisob raqamlariga va omonatlariga jalb etish hamda joylashtirish va xalqaro bank amaliyotiga muvofiq ravishda ana shu boyliklar bilan bogʻliq boʻlgan boshqa operatsiyalarni bajarishni;
l) mijozlarning topshirigʻiga koʻra mablagʻlarni jalb etish va ularni joylashtirish, qimmatli qogʻozlarni boshqarish hamda boshqa ishlarni bajarishni;
m) bank faoliyatiga bogʻliq boʻlgan masalalar yuzasidan maslahatlar berishni amalga oshirishlari mumkin.
2. Banklar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining topshirigʻiga binoan respublika budjetining bajarilishi boʻyicha kassa operatsiyalarini amalga oshirishlari shart.
