“Samkochavto” qoʻshma korxonasida ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish toʻgʻrisida (316-son)
25.07.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
Mamlakatimizda avtobuslar va yuk avtotransporti ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni eksportga va ichki bozorga yetkazib berishni koʻpaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
“SamKochavto” qoʻshma korxonasining ustav fondi 1998-yildan buyon qoʻshma korxona muassislarining ulushlariga mutanosib tarzda 47,5 mln AQSh dollaridan 64,1 mln AQSh dollarigacha koʻpayganligi;
“SamKochavto” qoʻshma korxonasi tomonidan qoʻshma korxonaning ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etishning 2001-yilga biznes-rejasi hamda 2005-yilga borib avtobuslar ishlab chiqarishni 4 baravardan ortiq koʻpaytirishga va mahalliylashtirish darajasini — 25 foizgacha yetkazishga qaratilgan 2001—2005-yillarda avtomobillar uchun butlovchi buyumlar va detallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi tasdiqlanganligi;
2001-2002-yillarda eksportga yetkazib berishga moʻljallangan 1000 avtobus ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan butlovchi detallar, xomashyo va materiallar narxi xorijiy hamkor tomonidan pasaytirilganligi;
2001-yildan boshlab “Asaka” banki tomonidan ochiladigan toʻlovni kechiktirish butlovchi detallar va materiallar yuklab joʻnatilgan sanadan boshlab xorijiy banklarning kredit liniyalari hisobiga tasdiqlangan akkreditivlar boʻyicha 180 kundan 270 kunga koʻpaytirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan “SamKochavto” qoʻshma korxonasi ishlab chiqargan avtotransport vositalarini sotib olishda Respublika yoʻl jamgʻarmasiga yigʻim sotib olingan avtotransport vositalari qiymatining 5 foizi miqdoridagi stavka boʻyicha hisoblab chiqiladi.
6. “Oʻzavtosanoat” uyushmasi va “SamKochavto” qoʻshma korxonasi buyurtmanomalari boʻyicha korxonaning ishlab chiqarish faoliyati bilan bogʻliq ishlarni bajarish uchun respublikaga kelayotgan xorijiy mutaxassislarga respublika hududida yashaganlik va transportning barcha turlarida yurganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan milliy valyutadagi tariflar boʻyicha haq toʻlash huquqi berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi “SamKochavto” qoʻshma korxonasining buyurtmanomalari boʻyicha xorijiy mutaxassislarni davlat boji toʻlashdan ozod qilgan holda ularga koʻp martalik vizalar uzaytirilishi va berilishini, yashash joyida vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish va vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish uzaytirilishini taʼminlasinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 25-iyul,
316-son
