6-modda. Yer qaʼri uchastkalarini bitim boʻyicha foydalanishga berish shartlari
Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar toʻgʻrisida (312-II-son) · Sana: 07.12.2001 · Amalda
Yer qaʼri uchastkalari mahsulot taqsimoti shartlari boʻyicha foydalanishga ochiq kim oshdi savdolari asosida beriladi, ushbu moddada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Ochiq kim oshdi savdolarining boshlangʻich shartlari ochiq kim oshdi savdolarini oʻtkazish uchun masʼul boʻlgan davlat organlarining qaroriga binoan tayyorlangan dastlabki texnikaviy-iqtisodiy hisob-kitoblar asosida ishlab chiqiladi.
Ochiq kim oshdi savdolarini oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan bitimlar ochiq kim oshdi savdolarini oʻtkazmay turib, toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar yoʻli bilan tuzilishi mumkin, agar:
eʼlon qilingan ochiq kim oshdi savdolarida faqat bitta investor qatnashganligi munosabati bilan savdolar boʻlmadi deb topilsa. Bu holda bitim shu investor bilan tuzilishi mumkin;
investor ushbu Qonun kuchga kirgunga qadar qonunchilikka muvofiq konlarni izlash, qidirish va foydali qazilmalarni kavlab olish uchun yer osti boyliklaridan foydalanuvchi boʻlsa. Bunda mazkur yer qaʼri uchastkasiga doir bitim ushbu yer osti boyliklaridan foydalanuvchi bilan yoki shu foydalanuvchi ishtirokida tashkil etilgan boshqa yuridik shaxs bilan tuziladi;
bitimlarning loyihalarini tayyorlash yuzasidan investor bilan muzokaralar ushbu Qonun kuchga kirgunga qadar boshlangan boʻlsa.
Alohida hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan bitimlar ochiq kim oshdi savdolarini oʻtkazmay turib, strategik salohiyatli investor bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish asosida tuzilishi mumkin.
Ochiq kim oshdi savdolarida yoki hukumat bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarda ishtirok etish uchun salohiyatli investorlar tegishli ravishda ochiq kim oshdi savdolari shartlarida va hukumat nomidan muzokaralar olib borishga vakolatli boʻlgan organning talablarida belgilangan hujjatlarni taqdim etadilar. Bunda quyidagi hujjatlar majburiy tartibda taqdim etiladi:
soʻnggi uch yil ichida konlarni aniqlash, qidirish va ulardan foydalanish boʻyicha investor ishtirok etgan ishlar roʻyxati;
soʻnggi uch yil ichidagi moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi yillik balanslar va hisobotlar.
