3-modda. Mahsulot taqsimotiga oid bitim
Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar toʻgʻrisida (312-II-son) · Sana: 07.12.2001 · Amalda
Mahsulot taqsimotiga oid bitim (bundan buyon matnda bitim deb yuritiladi) shartnoma hisoblanib, unga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi haq olish asosida va muayyan muddatga chet ellik investorga (bundan buyon matnda investor deb yuritiladi) bitimda koʻrsatilgan yer qaʼri uchastkasida konlarni aniqlash, qidirish va foydali qazilmalarni kavlab olish hamda shular bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni olib borish uchun mutlaq huquqlar beradi, investor esa mazkur ishlarni oʻz mablagʻlari hisobiga va tavakkal qilib amalga oshirish majburiyatini oladi.
Bitimda quyidagilar nazarda tutilgan boʻlishi kerak:
investitsiya loyihasining tavsifi va bitim amal qiladigan muddat;
investorga yer qaʼri uchastkalarini foydalanish uchun berish tartibi;
taraflarning huquq va majburiyatlari;
bitimning ijro etilishini birgalikda boshqarish organlari;
ishlarni bajarish, ish dasturlari va budjetlarni ishlab chiqish shartlari;
hisob-kitob yuritish va hisobot berish tartibi;
soliq solish va boshqa toʻlovlar toʻlash shartlari;
xarajatlarni qoplash tartibi va mahsulot taqsimoti shartlari;
investorning ulushini olib chiqib ketish tartibi;
foydaga qolgan mahsulotning oʻziga tegishli ulushiga baho belgilash masalasida investorning mustaqil ekanligi;
bitimning ijro etilishini nazorat qilish tartibi;
nizolarni hal etish tartibi;
bitimning amal qilishini bekor qilish tartibi.
Bitimda uning xususiyatidan kelib chiquvchi boshqa qoidalar ham boʻlishi mumkin.
Bitimda ekologik xavfsizlikka tahdid va boshqa fors-major holatlar yuzaga kelgan taqdirda berib qoʻyilgan yer qaʼri uchastkalaridan investorning foydalanish huquqi cheklanishi, toʻxtatib turilishi yoki bekor qilinishi mumkinligi toʻgʻrisidagi qoida nazarda tutilgan boʻlishi shart.
