21-modda. Hisobga olish va hisobot
Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar toʻgʻrisida (312-II-son) · Sana: 07.12.2001 · Amalda
Bitim boʻyicha ishlarni bajarish chogʻida investorning moliya-xoʻjalik faoliyatini hisobga olish har bir alohida bitim boʻyicha, shuningdek u tomondan bitim bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa faoliyat bajarilgan taqdirda hisobga olish alohida olib boriladi.
Buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish bitimda belgilangan tartibda qonunchilikka muvofiq investor tomonidan yoki uning topshirigʻiga binoan operator tomonidan amalga oshiriladi.
Bitim boʻyicha ishlarni bajarish chogʻidagi operatsiyalarning buxgalteriya hisobi Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida yoki chet el valyutasida yuritiladi. Agar bitimda buxgalteriya hisobini chet el valyutasida yuritish belgilangan boʻlsa, chet el valyutasida ifodalangan hisobot maʼlumotlarini Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasiga qayta hisoblash moliya hisoboti tuzilgan sanadagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi boʻyicha amalga oshiriladi.
Investor yoki operator dastlabki hisobga olish hujjatlarini, buxgalteriya hisobi registrlarini, moliyaviy hisobotni hamda bitimning ijrosi boʻyicha moliyaviy hisobotni tuzishda foydalanilgan maʼlumotnoma tarzidagi dastlabki materiallarni qonunchilikka muvofiq saqlashi shart. Moliyaviy hisobotni tuzishga taalluqli barcha axborot va hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida saqlanadi.
Investor yoki operator moliyaviy hisobotni auditorlik tashkilotining xulosasini ilova qilgan holda boshqaruv qoʻmitasiga va vakolatli davlat organiga taqdim etadi. Ayni vaqtning oʻzida moliyaviy hisobot bilan birga bitimni ijro etish bilan bogʻliq holda qilingan, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi chet el banklarida ochilgan hisobvaraqlar orqali oʻtgan, xarajatlarning haqi toʻlanganligini tasdiqlovchi barcha dastlabki hujjatlarning nusxalari taqdim etiladi.
