12-modda. Bitim boʻyicha ishlarni bajarishning asosiy shartlari
Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar toʻgʻrisida (312-II-son) · Sana: 07.12.2001 · Amalda
Bitim boʻyicha ishlarni bajarishning asosiy shartlari quyidagilardan iborat:
moʻljallangan barcha ishlar uchun, shu jumladan foydali qazilmalarni kavlab olishning taxmin etilayotgan hajmi uchun ish dasturlari, loyihalar va budjetni moliya yili boshlangunga qadar yoki shu ishlarni amalga oshirish boshlangunga qadar ishlab chiqish hamda keyinchalik boshqaruv qoʻmitasida tasdiqlash;
bitim boʻyicha ishlar olib borilayotgan va foydali qazilmalarni kavlab olish moʻljallanayotgan obyektlar boʻyicha loyihalar, geologik materiallar va texnikaviy-iqtisodiy koʻrsatkichlarni davlat ekspertizasiga taqdim etish;
moʻljallangan ishlarning tasdiqlangan ish dasturi, budjeti ijrosini, shuningdek moʻljallangan ishlar ijrochisining moliya-xoʻjalik faoliyatini moliya yili tugagandan keyin investor hisobidan majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtkazish;
qonunchilikning talablariga, shu jumladan ishlarni bexatar olib borish, yer osti boyliklarini, atrof muhitni va fuqarolar sogʻligʻini muhofaza qilish standartlari (normalari, qoidalari) masalalariga oid talablarga rioya etish;
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslariga boshqa shartlar teng boʻlgani holda bu ishlarda pudratchi, yetkazib beruvchi, tashuvchi yoki boshqa maqomda investorlar bilan shartnomalar asosida ishtirok etish uchun imtiyozli huquq berish;
bu ishlarga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini barcha jalb etilgan xodimlar tarkibining oʻrtacha yillik hisobida kamida sakson foizi miqdorida jalb etish. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan tegishli ixtisosdagi va malakali xodimlar boʻlmagan taqdirdagina chet ellik xodimlar belgilangan kvotalardan ortiqcha jalb etiladi;
bitim boʻyicha ishlarni olib borish uchun texnika, asbob-uskunalar va texnologiyalarni faqat tanlov asosida olish (texnika va asbob-uskunalarni tezkor olishni talab qiluvchi texnogen falokatlar hamda fors-major holatlar bundan mustasno);
bajarilayotgan ishlarning atrof muhitga zararli taʼsirining oldini olishga, bunday taʼsirning oqibatlarini tugatishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek atrof muhitga salbiy taʼsir koʻrsatishga olib kelgan falokatlar yuz bergan taqdirda yetkaziladigan zarar uchun javobgarlikni sugʻurta qilish;
bitim boʻyicha ishlar tugallanganidan, shuningdek bitimga doir ishlar bajarilgan hududni ifloslanishdan tozalash ishlari yakunlanganidan keyin barcha inshootlar, qurilmalar va boshqa mol-mulkni tugatish yoki konservatsiyalash;
